YPX xodimi bilan mushuk-sichqon, qaytayotgan “Sevgi iztirobi”, haydalgan IIB boshlig‘i va boshqa xabarlar
Jamiyat
−
29 iyul 2019
584329 iyul kuni ham nihoyasiga yetyapti. Quyida bugunning eng muhim voqealariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Hikmat Abdurahmonov lavozimini tark etadi
Tadbirkor Hikmat Abdurahmonov Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi lavozimidan ketishini e’lon qildi. Shu bilan birga, tadbirkor Jamoatchilik kengashi tarkibida qoladi.
Hokim o‘rinbosarini yoqib yuborgan tadbirkor Toshkentga keltirildi
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani bugungi kunda butun O‘zbekistonning diqqat markazi qaratilgan hudud bo‘lib turibdi. Tuman hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevning tadbirkor Bahriddin Isomov tomonidan benzin sepib, yoqib yuborilishi “snos”lar masalasi naqadar jiddiy tus olganini isbotladi. Amaldorning bedodligi ortidan endi Isomov sudma-sud, tergovma-tergov yurishiga to‘g‘ri keladi.
Hozirda Bahriddin Isomovga nisbatan ochilgan ish sud-psixiatriya ekspertizasi bosqichiga yetib kelgan.
O‘zbekiston uzoq yillik izolyatsiyadan qutuldi - “Forbes”
AQSHning dunyoga mashhur “Forbes” nashri muallif Melik Kaylanning “O‘zbekiston tarixidagi o‘z o‘rnini mustahkamladi” sarlavhasi ostidagi maqolasini chop etdi.
Maqola muallifining fikricha, O‘zbekiston uzoq yillar izolyatsiya qilinganidan keyin biznes uchun ochilgan. Buni 16-23 iyul kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining AQSHga amalga oshirgan tashrifi davomida, Vashington va Nyu-Yorkdagi uchrashuvlarda, Manxettenda o‘tkazilgan “O‘zbekistonning kapital bozori imkoniyatlari” mavzuidagi investitsiya forumidagi taqdimotlar isbotlaydi.
“Fransiya o‘z farzandlariga xiyonat qildi”
Parijdagi marosimda Fransiya Mudofaa vaziri Florensiya Parli “Vel d'Iv” hujumi, Ikkinchi Jahon urushi paytida yahudiylarning ommaviy qamoqqa olinishi uchun javobgarlikni yana bir bor ta’kidladi. Euronews xabariga ko‘ra, 1942 yilning 16 -17 iyul kunlari fashistlar rejimi buyrug‘iga binoan va Vishini hukumati roziligi bilan 13 ming152 kishi, shu jumladan to‘rt ming bola hibsga olingan. Keyinchalik ularning ko‘plari o‘ldirilgan.
Dollar kursi yangi “marra”ga yaqinlashdi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 30 iyuldan xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatini belgiladi. Unga ko‘ra, 1 AQSH dollari 8666,71 so‘mga teng bo‘lib, o‘tgan haftaga nisbatan 42,20 so‘mga qimmatlashgan.
22 kishi lavashdan zaharlandi
Yoqutistonning (Rossiya) Churapchin tumanida shaurma (lavash)dan ommaviy zaharlanish yuz berdi. 22 kishi zaharlanishdan tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan. Shundan 8 nafari bolalar. Murojaat qilganlarning 20 nafari statsionarda davolanadigan bo‘lgan. Shifoxonaga kelganlarda ovqatdan o‘tkir zaharlanish aniqlangan. Ularning bari tumandagi "Shaurma"ovqatlanish shoxobchasiga borgani ma’lum bo‘lgan.
Video: Toshkentda haydovchi YPX xodimi bilan mushuk-sichqon o‘ynadi
Ijtimoiy tarmoqlarda Yo‘l-patrul xizmati xodimlari va fuqaro o‘rtasidagi filmlardagidek quvlashmachoq aks etgan video tarqaldi. Videoda Damas haydovchisi YPX xodimlaridan qochayotgani tasvirlangan. Har ikki avtomobil ham yo‘lning qarma-qarshi tomonida harakatlangan.
Toshkent shahar IIBB shahar ko‘chasidagi quvlashmachoq bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Videodagi voqea kecha, 28 iyul kuni soat 17:00 da Olmazor tumanida yuz bergan. Damas haydovchisi Sog‘bon ko‘chasida yo‘lning qarama-qarshi qismida harakatlangan. Unga to‘xtash signalini bergan YPX xodimining talabini bajarmagan.
O‘zbek kino san’ati og‘ir judolikka uchradi
“Tanka” badiiy filmining rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Toreniyaz Qalimbetov vafot etdi.
Toreniyaz Jumaboyevich Qalimbetov 1954 yil 19 yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida, ishchi oilasida tug‘ilgan. 1976 yili Toshkent madaniyat institutini rejisser yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
Yigitlar qanday cho‘kkani ma’lum bo‘ldi, qayiqdagilardan biri omon qolgan
Toshkentlik ikki yigit – 1995 yilda tug‘ilgan Dilshod Rixsiboyev va 1996 yilda tug‘ilgan Anvar Ilhomov Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv omborida cho‘kib ketgani, joriy yilning 24 iyul kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan qidiruv ishlari boshlab yuborilgani haqida xabar bergan edik. Bugunga qadar qidiruv ishlarida natija bo‘lmagan. QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan bog‘lanib, voqeaga aloqador ma’lumotlarni o‘rgandi.
“Zo‘r”dan zo‘r chiqdi! Bosh vazir taqiqlagan serial yana ekranga qaytdi
2018 yilning 14 fevral kuni Hukumat raisi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonining ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ushbu serialni tanqid qilib, xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan seriallarning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratish bo‘yicha mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berib, “Zo‘r” telekanalida namoyish etilayotgan “Sevgi iztirobi” serialini tanqid qilgan edi.
Hukumat raisining tanqididan so‘ng, 2018 yilning 17 fevraliga kelib serial efir dasturidan olib tashlandi.
“Xurmacha” qiliq chiqargan IIB boshlig‘i
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida fermerlarga zo‘ravonlik qilib, ularni jaziramada dala boshida turishga majburlagan IIB boshlig‘i Chori Ko‘charov ustidan tekshiruv boshlangani haqida xabar bergan edik.
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, xizmat tekshiruvi yakuniga ko‘ra Kasbi tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Chori Ko‘charov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Gurbanguli Berdimuhamedovning g‘oyib bo‘lgandagi ishlari va undan keyingi voqealar haqida yangi ma’lumotlar
Qayd etilishicha, Prezident Berdimuhamedov ta’til davomida o‘zining 11-kitobini yozishni tugatgan. Kitob “Turmanistonning shifobahsh o‘simliklari” deb nomlanadi. Kadrda esa sochi oq bosgan Berdimuhamedovning giyohlar to‘la stol ustida ishlab o‘tirgani, allanimalarni yozayotgani tasvirlangan. Shuningdek, u kitobyu ustida ishlash bilan birga o‘zi kuylayotgan qo‘shiqlarni tinglab, hordiq chiqargan.
Qolaversa, Prezident davlat ishi va boshqa tashvishlarni chetga surib, nabiralari va hovlisidagi mushuklar bilan o‘ynagan.
Berdimuhamedovni o‘ldiga chiqarganlarni esa hibsga olish ishlari boshlab yuborildi. Hozirgacha uch kishi qo‘lga olingan.
24 iyulda "Arqadag‘" ko‘rinish berganidan keyin esa Turkmaniston ommaviy axborot vositalarida Berdimuhamedovning tirikligiga alohida urg‘u berilyapti. Turkmaniston rasmiylari kech bo‘lsa-da davlat rahbariga qaratilgan tashviqotga qarshi harakatlarni ham boshladi. Bu vazifa mamlakat Madaniyat vazirligiga yuklatildi.
Shundan so‘ng, turkman shou-biznesi vakillari Instagram`da bir vaqtda Gurbanguli Berdimuhamedovni o‘ldiga chiqarganlarni sharmadagarchilik deb, la’natlash kampaniyasini boshladi va #duryalan (to‘xta yolg‘on) xesh-tegi bilan videomurojaat yo‘llab, muxlislaridan bunday mish-mishlarga ishonmaslikni so‘radi.
LiveBarchasi