“Yovvoyi Arman”ning sudi nega haligacha davom etayotgani ochiqlandi

Olam

image

“Yovvoyi Arman” nomi bilan mashhur Arman Jumageldiyevning sud ishi nima sababdan shu paytgacha davom etayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘istonning Olmaota shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Sudlov hay’ati raisi Nazgul Raxmetullina jinoiy avtoritet Arman Jumageldiyev va Olmaotaning sobiq deputati Kayrat Kudaybergen ustidan sud jarayoni nima uchun bir yildan beri, hattoki Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimov ishidan ham uzoq davom etayotganiga izoh berar ekan, u buni sudga oid tekshirilishi shart bo‘lgan materiallarning juda ko‘pligi bilan xulosalagan. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, tergov qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar ham nihoyatda ko‘p. Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, u birinchi instansiya yoki apellyatsiya sudi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan barcha sud ishlari bo‘yicha jarayonning hozirgi borishi haqida unda aniq ma’lumotlar mavjud emasligini ta’kidlagan.

“Har bir hokimiyat o‘z faoliyatini mutlaqo mustaqil amalga oshiradi. Bilishimcha, ha, ishlar hali tugallanmagan. Ishlar yakunlangach, albatta, bu haqida ma’lumot beriladi. Hozir esa sud tergovi olib borilmoqda”, deydi u.

Sud hay’ati raisining so‘zlariga ko‘ra, ushbu sud ishi boshqa instansiyada bo‘lgani bois ishga oid materiallar bilan tanish emas va tanishishga imkoniyati ham yo‘q. Shuningdek, ishga doir jami 50 nafar sudlanuvchi, 250 nafar jabrlanuvchi mavjud hamda ishning qachon tugashini cheklashga hech kim haqli emas.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning iyul oyida Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari 2022 yilning yanvaridagi tartibsizliklarda ishtirok etgan uyushgan jinoiy guruhning 18 nafar a’zosini qo‘lga olgandi. Ular orasida “Yovvoyi Arman” ham bor edi. Sal o‘tib, Kriminal avtoritetni hibsda ushlash muddati uzaytirilgandi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning dekabr oyida O‘zbekistonda davom etgan “tozalash” ishlarida “Salimboyvachcha”, “Baxti Tashkentskiy” va “Saidaziz medgorodok” singari ko‘cha a’zolari ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingandi. Joriy yilning 11 iyun kuni “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev va boshqalarga (jami 29 kishi) oid jinoyat ishi yuzasidan sud jarayoni boshlandi.

Shuningdek, may oyi oxirida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev ustidan sud boshlanib, u 10 ta modda bo‘yicha ayblandi. Bundan tashqari, uning akasi va o‘g‘illari ishi ham sudda ko‘riladigan bo‘ldi. 3 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yakuniy sudda “Baxti Tashkentskiy” va u bilan birga jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan yana 36 kishiga qo‘yilgan ayblov yuzasidan prokuror yakuniy xulosani o‘qib eshittirdi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Olmaota Yovvoyi Arman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing