“Salimboyvachcha”, “Baxti Tashkentskiy” va “Saidaziz medgorodok” ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan
3-sahifa
−
12 dekabr 2023
19065Salim Abduvaliyev (“Salimboyvachcha”), Baxtiyor Qudratullayev (“Baxti Tashkentskiy”) va Saidaziz Saidaliyev (“Saidaziz medgorodok”)ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Bu haqda bugun, 12 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Salim Abduvaliyevning noqonuniy qurol saqlayotgani aniqlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan. Salim Abduvaliyevga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan. Hozirda dastlabki tergov olib borilmoqda.
Shuningdek, “Baxti Tashkentskiy”ga nisbatan giyohvandlik vositalarini saqlash, “Saidaziz medgorodok”ka nisbatan tovlamachilik moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 dekabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Toshkent shahrida kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng, “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev, “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, Dilshod Tulqinovich Sharipov, Anvar Boborajabovich Mirzaxonov qo‘lga olingani haqida rasmiy xabar berdi.
“Baxti Tashkentskiy” O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi – juda ko‘p miqdorda tovlamachilik va 276-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi – ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash bilan gumonlangandi.