Yevropa Rossiyaning neft sanoatiga zarba tayyorladi

Jamiyat

image

Yevropa Ittifoqi Ukraina hududiga bostirib kirishiga javoban Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini kelishib oldi. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen YeI yetakchilarining favqulodda sammitidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar beradi “Reuters”.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “muvaffaqiyatsizlikka uchrashi kerak va shunday bo‘ladi”, degan Yevropa Ittifoqi yetakchilari 25 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida yangi sanksiyalar bo‘yicha kelishib olish chog‘ida. Rahbarlar bir kechada bo‘lib o‘tgan favqulodda sammitda yangi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash, Rossiyaning texnologiyani olish imkoniyatini cheklash kabi choralarni ko‘rishda AQSH va boshqalarga qo‘shilish borasida prinsipial kelishuvga erishgan.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning blokdagi aktivlarini muzlatib qo‘yishga va Rossiya banklarining Yevropa moliya bozorlariga kirishini yopishga kelishgan.

“Ushbu paket Rossiya bank bozorining 70 foiziga va asosiy davlat kompaniyalariga, shu jumladan mudofaa sektoriga qaratilgan moliyaviy sanksiyalarni o‘z ichiga oladi”, degan Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy sanksiyalar Rossiyada qarz olishini murakkablashtiradi va u yerda inflyatsiyani kuchaytiradi. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiya aviakompaniyalariga samolyotlar va jihozlar sotishni taqiqlaydi, diplomatlar va biznesmenlar uchun viza cheklovlarini ham joriy qiladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, eksport cheklovlari neftni qayta ishlash zavodlari uchun zarur bo‘lgan Yevropa Ittifoqi materiallarini taqiqlash orqali Rossiyaning neft sektoriga zarar yetkazadi. Bu oxir-oqibat Rossiyada neftni qayta ishlashdan tushadigan daromadning kamayishiga olib keladi. 

Batafsil sanksiyalar yaqin kunlarda e’lon qilinadi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘sha matbuot anjumanida Yevropa energiya va xavfsizlik sohasida mustaqil bo‘lishi kerakligini aytdi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

109

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing