Yevropa faqat xomashyoni olib ketishni maqsad qilmagan – Fon der Lyayen
Jamiyat
−
03 aprel
126073-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitida Yevropa Ittifoqining investitsiya strategiyasi – “Global Gateway” muhokama markazida bo‘ladi. Bu haqda Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen O‘zA'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Yevropa Ittifoqining investitsiya strategiyasi – “Global Gateway” muhokama markazida bo‘ladi, chunki hamkorlikdan barchamiz manfaatdormiz.
Sammitda men Markaziy Osiyo uchun “Team Europe” tashabbusi doirasidagi investitsiya paketini e’lon qilaman. Ushbu muhim hujjat to‘rt asosiy yo‘nalishga qaratilgan. Transport, o‘ta muhim xom ashyo resurslari, raqamli tarmoq, suv va energiya transporti bog‘liqligini rivojlantirish borasida biz allaqachon yaxshi natijalarga erishyapmiz”, dedi Ursula fon der Lyayen.
Uning aytishicha, 2024 yil o‘tkazilgan Investorlar forumida YeI va xalqaro hamkorlar Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan transport yo‘lagi uchun 10 milliard yevro ajratishga va’da bergan. Bu yil Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi bilan bir vaqtda ikkinchi Investorlar forumini o‘tkazib, erishilgan yutuqlarni sarhisob qilinadi.
Shuningdek, o‘ta muhim xomashyo resurslari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va aniq investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Ayni yo‘nalishda Markaziy Osiyoda mahalliy sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mintaqada iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirishni maqsad qilingan.
Ursula fon der Lyayen Markaziy Osiyo va Yevropa savdo, transport bog‘liqligi, energiya, suv xavfsizligi, iqlimga moslashish, raqamlashtirish va ta’lim sohalarida keng qamrovli va faol hamkorlikka ega ekanini bildirdi. Oxirgi 10 yil ichida “Erasmus+” dasturi doirasida 10 000 talaba va mutaxassis Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi almashinuvda qatnashganini qo‘shimcha qildi.
“Endi “yashil” va raqamli o‘zgarishlar hamkorligimiz markazida turibdi. Markaziy Osiyo toza texnologiyalar uchun eng zarur xom ashyo resurslariga, ulkan salohiyatga ega. Yevropa faqat xomashyoni olib ketish emas, balki to‘liq qiymat zanjirini yaratish, ya’ni qazib olishdan qayta ishlash va qayta tiklashgacha bo‘lgan jarayonni shakllantirishni maqsad qiladi. Bu esa mahalliy ish o‘rinlari yaratish, yuqori ekologik va ijtimoiy standartni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi”, deydi Yevrokomissiya raisi.
Shuningdek, u xavfsizlik ham ustuvor masalalardan biri ekanini, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni chuqurlashtirishi, xavfsizlik bo‘yicha maxsus muloqotni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, fon der Lyayen yangi “Migratsiya va boshpana bo‘yicha pakt” doirasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Migratsiya muammosini hal qilish maqsadida birgalikda barcha turdagi noqonuniy faoliyat, jumladan muhojirlarning noqonuniy olib o‘tilishiga qarshi kurashmoqdamiz. Bu noqonuniy migratsiyaning asosiy omili bo‘lib, har yili minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lmoqda. Shu bilan birga YeIga malakali mutaxassislar uchun qonuniy yo‘llar ochishni rag‘batlantiryapmiz.
Migratsiya – global muammo. Yevropa va Markaziy Osiyo hamkorlari o‘xshash qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shuning uchun ham bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar o‘zaro manfaatli”, dedi u.
Qayd etilishicha, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bilan birga O‘zbekiston madaniy merosining abadiy ramzlari hisoblangan Ulug‘bek rasadxonasi, Amir Temur maqbarasi va Registon maydonini ziyorat qiladi.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ilk sammit 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qiladi va unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirok etadi. 4-5 aprel kunlari esa “Silk Road Samarkand” kongress markazida birinchi Samarqand iqlim forumi bo‘lib o‘tadi. Forumda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya institutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 aprel kuni mazkur sammitda qatnashish uchun Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandga yetib borgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



