Leapmotor’ga taqiq, Mirziyoyev yozgan dasturxon, artistlar uchun soliq, AQSHdan blok – Hafta tahlili

Tahlil

Leapmotor avtomobillarini import qilish taqiqlandi

Tugayotgan haftada o‘zbekistonliklarni junbishga keltirgan xabar yana avtomobillar bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘zbekistonga Xitoyning Leapmotor avtomobillarini import qilish taqiqlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalar va e’tirozlarga sabab bo‘lgan ushbu xabar ortidan Texnik jihatdan tartibga solish agentligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, yaqinda laboratoriyada Xitoyning Leapmotor kompaniyasiga tegishli C16 rusumli avtomobili sinovdan o‘tkazilgan.

“Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ushbu avtomobil xalqaro standartlarga, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermaydi. (belgilangan me’yordan 16 baravar ko‘p)”.

Bildirilishicha, Leapmotor’da ustuvorlik va tashqi elektromagnit nurlanishga bardoshlilik (keng polosali elektromagnit shovqinlar) talablariga nomuvofiqlik holati aniqlangan.

Ushbu taqiqdan keyin elektromobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezidentga murojaat yo‘lladi. Erkin bozor tarafdori ekanini aytgan tadbirkorlar davlat rahbaridan cheklovlarni olib tashlash va ochiq bozorni qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.

E’tirozlar ortidan tadbirkorlarning murojaati qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi Biznes-ombudsman devoni tomonidan o‘rganilayotgani, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari bilan mazkur masalani ijobiy hal etish yo‘llari muhokama qilingani aytildi.

Agentlik esa aytganlaridan qaytib, Xitoyning Leapmotor avtomobillari O‘zbekistonda ushbu kompaniya mutaxassislari ishtirokida qayta sinovdan o‘tkazilishi haqida bayonot berdi. Bildirilishicha, Leapmotor korxonasiga nisbatan qo‘yilgan cheklov bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston 2024 yilda xorijdan qiymati 224,8 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 24 095 ta elektromobil import qilgan. Ularning 23 982 tasi aynan Xitoydan va xaridorlar orasida Leapmotor ustuvorlik qiladi.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31 yanvardagi “Elektrodvigateliga ega bo‘lgan transport vositalari akkumulyator batareyalarini utilizatsiya qilish infratuzilmasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan 2025 yil 1 maydan boshlab import qilinadigan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi transport vositasi ishlab chiqarilgan yiliga qarab 45 mln so‘mdan 78,5 mln so‘mgacha oshirilmoqda.

Bundan avval “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasi O‘zbekiston hukumatiga elektromobillarning mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega bo‘lmagani vaji bilan tartibsiz importni cheklash bo‘yicha murojaat qilgandi. Jizzax shahrida faoliyat olib boradigan “BYD Uzbekistan Factory” MCHJ 2023 yilning 23 yanvarida tashkil etilgan. Monopol maqomini boshqalarga bermay keladigan “O‘zavtosanoat” AJ esa “BYD Uzbekistan Factory” MCHJning 60 foizlik ulushdori hisoblanadi.

Birgina 2024 yilning birinchi yarim yilligida “UzAuto Motors” – 317 mlrd so‘mlik, “BYD Uzbekistan Factory” 274 mlrd so‘mlik bojxona imtiyozlarini olgan.

Endi boylar boy bo‘lgani uchun alohida soliq to‘laydi

O‘zbekistonda endi boylar boy bo‘lgani uchun alohida soliq to‘laydi. Buni uncha-buncha odam emas, naq Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev tugayotgan haftada AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib chiqdi.

Uning qayd etishicha, qariyb 38 million aholiga ega O‘zbekistonning 18 million fuqarosi daromadga ega va soliq to‘lashi kerak.

“Ularni segmentlash orqali eng yuqori daromadga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliqlarni to‘lash va undirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqqanmiz. Ularning to‘liq bazasi yaratilib, bu orqali bironta jismoniy shaxs o‘z daromadini soliqdan qochish maqsadida kamaytirish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydigan tizim bo‘ladi”, degan Mubin Mirzayev.

Rejalashtirilgan tizim nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda olingan daromadlarni ham soliqqa tortishni nazarda tutadi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining qariyb 4 millioni xorijiy mamlakatlarda mehnat qilmoqda. Xalqaro ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, haqiqiy raqamlar bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston esa xorijda faoliyat yuritayotgan fuqarolarni ham soliqqa tortmoqchi.

“Agar O‘zbekiston rezidenti chet elda daromad olsa, mamlakatda soliq to‘lashi kerak bo‘ladi. Norezidentlar bilan bog‘liq holatda Soliq qo‘mitasi ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish uchun chet elda soliq to‘lashni hisobga oladi”, degan Mirzayev.

Esingizdami? 2021 yil o‘tkazilgan Prezident saylovi oldidan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarni soliqqa tortishni taklif qilgandi. O‘shanda hamma uni qoralab, hatto, ustidan kulgandi va saylovdagi muvaffaqiyatsizligiga aynan o‘sha gaplari sabab bo‘lgandi.

Alisher Qodirovning katta rezonansga sabab bo‘lgan gaplari, kerak bo‘lsa, o‘sha vaqtdagi saylov siyosiy muhitiga yaxshigina ta’sir o‘tkazib, amaldagi prezident va nomzod Shavkat Mirziyoyevning ham bu mavzuda so‘z ochishiga va bu tarzdagi soliq amaliyoti joriy qilinmasligi, aksincha, xorijdagi fuqarolarning vatanga qaytishi, soliqlar kamaytirilishi haqida va’da berishiga sabab bo‘lgandi.

Matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi raisi Mubin Mirzayev anchadan buyon kutilayotgan yangilikni aytdi va bu bilan san’atkorlarning, qo‘shiqchilarning, oyog‘i yerdan uzilgan artistlarimizning sho‘riga sho‘rva to‘kiladigan bo‘ldi. Gap shundaki, 2027 yildan boshlab san’atkorlardan daromad solig‘i majburiy tarzda undiriladi. Bugungacha naqd pulda, millionlab daromad topayotgan va bu haqda hech kimga hisob bermay kelayotgan san’atkorlarning soliqqa tortilmasligi mamlakatda ikki tomonlama standartlar, tanlanganlarga beriladigan adolatsiz imtiyozlarning cho‘qqisi sifatida qabul qilib kelinar edi.

Mubin Mirzayevga ko‘ra, amaldagi tartib bo‘yicha san’atkorlar deklaratsiya to‘ldirishi, daromadlarini ko‘rsatishi kerak va shu asosda soliqqa tortilishi zarur. Lekin bu amaliyot ishlamaydi.

“Endi tan olishimiz kerak, haqiqatdan juda ko‘pchilik san’atkorlarimiz bunga rioya qilmayapti. O‘z daromadlarini to‘liq deklaratsiya qilmayapti va shu daromadlardan soliqlar undirilmayapti. Hozir xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida qaror loyihasini tayyorlayapmiz”, deydi Mubin Mirzayev.

Mirzayevga ko‘ra, 2025 va 2026 yillarda daromadlar deklaratsiyasini topshirish bo‘yicha imkoniyat beriladi va bu davrda san’atkorlar jazolanmaydi. 2027 yil 1 yanvardan boshlab esa agar san’atkorlar o‘z daromadlarini to‘liq ko‘rsatmasa yoki soliqlardan qochish bo‘lsa, ularga nisbatan soliq nazorati tekshiruvlari o‘tkazilib, soliq hisoblab, undiriladi.

“2027 yil 1 yanvardan boshlab birorta san’atkor, jismoniy shaxslar o‘zlarining daromadlarini deklaratsiya qilmasligini yoki soliqdan qochishining imkoni bo‘lmaydi”, deydi Mirzayev.

Mening esa Mirzayevga boshqa maslahatim bor. Ijtimoiy tarmoqlar asos! Deyarli barcha san’atkorlar kuniga nechta to‘yga borayotganiga, qaysi qimmatbaho jahon brendini kiyayotgani, qaysi taqinchoqni necha pulga sotib olayotgani, qimmatbaho mashina, hovli-joy, villa va dachalarini maqtanish bilan band. Ularning narxini aytib, odamlarning nafsoniyati bilan o‘ynashishdan ham tap tortmayapti. Agar o‘zi deklaratsiya qilmasa, demak, taxminiy deklaratsiya tizimi bo‘lishi kerak. Qolaversa, nafaqat san’atkorlar, balki blogerlar, xullas, ijtimoiy tarmoqda reklama faoliyati bilan shug‘ullanib, daromad topayotganlar ham soliqqa tortilishi kerak.

Lekin masalaning boshqa tomoni bor.

“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyalanadigan faoliyat turlariga kiradi, ya’ni qo‘shiqchilar, cholg‘uchilar, qo‘shiq aytish va musiqa chalish, to‘y va konsertlarda xizmat ko‘rsatish uchun “O‘zbekkonsert”dan litsenziya olishga majbur. Agar xatti-harakati o‘zgarib, bosar-tusarini bilmay qolsa, “O‘zbekkonsert” ularning litsenziyasini bekor qilishi bilan bog‘liq amaliyot ko‘p kuzatilgan. Agar Soliq qo‘mitasi yangi tartibni amalga oshirsa, shunda san’atkorlar litsenziya olmaydi va “O‘zbekkonsert”ga hisob bermaydimi? San’atkorlarga norasmiy kurator sifatida ko‘rib kelinadigan, ularga tarbiyachidek qaraladigan bu tashkilotning litsenziya berish huquqi olib qo‘yilsa, u qaysi yo‘l bilan qo‘lida xivchinini tutib turarkan?!

Birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti bo‘lib o‘tdi 

Samarqand tarixiy tadbirga mezbonlik qildi. Shaharda birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti bo‘lib o‘tdi. Uning davomida o‘ta muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi orasidagi munosabatlar strategik darajaga ko‘tarildi.

Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari Qosim-Jomart To‘qayev, Sadir Japarov, Imomali Rahmon, Serdar Berdimuhamedov, Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ishtirok etdi.

Sammit davomida muhim takliflar muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va jahon hamjamiyati Afg‘oniston hududidan kelib chiqadigan barcha tahdidlarni yetarlicha baholay olmayotganini aytdi.

Antoniu Koshta nutqida YeIning Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan birgalikda global barqarorlikka hissa qo‘shish istagini bildirdi.

Ursula fon der Lyayen esa Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston bilan “yangi strategik sheriklik davri” boshlanganini e’lon qildi. U Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi uchun to‘rt ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi. Bu – transport koridorlari, kritik xomashyo, “yashil” energetika, global raqamli infratuzilma.

Sammit yakunida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Hujjatda qayd etilishicha, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston hamda Yevropa Ittifoqi rahbarlari o‘zgarib borayotgan global va mintaqaviy geosiyosiy sharoitda hamkorlikni chuqurlashtirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan holda, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qilgan.

Shuningdek, yetakchilar tinchlik, xavfsizlik va demokratiya yo‘lida hamkorlik qilishga sodiqligini bildirgan. Barcha davlatlarning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat ko‘rsatishni, BMT Nizomi va xalqaro huquq tamoyillariga to‘liq rioya qilishni tasdiqlagan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillariga muvofiq, Ukrainada imkon qadar tezroq adolatli, barqaror va keng qamrovli tinchlikka erishish muhimligi ta’kidlangan. Ishtirokchi davlatlar tomonidan YeXHT tamoyillariga rioya qilinishi lozimligi urg‘ulangan.

“Barcha davlatlar o‘zaro munosabatlarda kuch ishlatish yoki kuch bilan tahdid solishdan tiyilishi, xalqaro gumanitar huquqqa amal qilishi va mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishi kerakligini yana bir bor tasdiqladik”, deyiladi hujjatda.

Sammit ishtirokchilari xuddi shu kontekstda, yuqoridagi tamoyillarga, xususan barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyatini olgan.

Shuningdek, sammit ishtirokchilari Afg‘onistonning xavfsiz, barqaror va farovon davlatga aylanishi, barcha fuqarolar, shu jumladan, ayollar, qizlar, etnik va diniy guruhlarga mansub shaxslar hamda ozchilik vakillarining inson huquqlari va asosiy erkinliklariga hurmat qiladigan inklyuziv hukumat va boshqaruv tizimlariga ega bo‘lishni qat’iy qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor ta’kidlagan. Afg‘oniston o‘z ichki siyosatida ham, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarida ham tinchlik tarafdori bo‘lishi va xalqaro majburiyatlarini bajarishi muhimligi aytilgan.

Sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish bo‘yicha hamkorlik aloqalarning muhim jihati sifatida qolmoqda. Ya’ni Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlaridan munosabatlarda halol bo‘lishni, Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tib, import yoki eksport qilishda yordam bermaslikni so‘ramoqda va talab qilmoqda. Imzolangan hujjat bilan ushbu doirada, ayniqsa, yuqori ustuvorlikka ega bo‘lgan mahsulotlarning re-eksportini oldini olish borasida Yevropa Ittifoqining Sanksiyalar bo‘yicha Maxsus vakili bilan hamkorlikda ishlashni davom ettirishga kelishib olingan.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo yetakchilari qonun ustuvorligi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarni ilgari surish hamda himoya qilish ikki tomonlama munosabatlarning umumiy va asosiy qadriyatlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi. Fikr bildirish va uyushmalar tuzish erkinligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati va mustaqil OAV uchun qulay muhit yaratish, inson huquqlari himoyachilarini himoya qilish, ayollar, bolalar va mehnat huquqlariga hurmat ko‘rsatish YeI-Markaziy Osiyo munosabatlarining markazida turishi kerakligi aytilgan. Biroq kuni kecha Demokratiya reytingida past natijalarni olgan Markaziy Osiyo davlatlari bu kelishuv talablarini bajara oladimi yo yo‘q, javobsiz masala. Yevropa Ittifoqi bu yo‘nalishdagi harakatlarni ham mintaqaviy, ham milliy darajada qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirmoqda.

Sammitdan so‘ng yetakchilar Samarqand xalqaro iqlim forumida ham ishtirok etdi.

Sammit va forum yakunlangach, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen matbuot anjumani o‘tkazdi. Lyayenga Markaziy Osiyo Xitoy va Rossiyadan farqli Yevropaga nima uchun ishonishi kerakligi bilan bog‘liq savol berildi.

“Rossiya uzoq vaqtdan beri ishonchli hamkor bo‘la olmasligini ko‘rsatmoqda. Aytish mumkinki, Yevropa Ittifoqi oldindan ishonchli va barqaror hamkorlik uchun ekanini isbotlagan. Yevropa Ittifoqi loyihalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, biz uchun hamkorlarimiz ham ulardan foyda olishi muhim. Yuqorida aytib o‘tilgan mamlakatlardan farqli o‘laroq, Yevropa Ittifoqi, masalan, muhim xomashyo haqida gap ketganda, butunlay boshqacha sherikdir.

O‘tmishda Xitoy va Rossiya ko‘pincha xomashyo qazib olib, o‘z mamlakatlariga olib ketib, u yerda qayta ishlagan. Qo‘shimcha qiymat boshqa mamlakatda qo‘shilgan. Shunday qilib, qazib olingan mamlakatda qo‘shimcha qiymat qolmagan”.

Sammit va forum yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevani Ursula fon der Lyayen bilan tanishtirdi.

“Forum doirasida Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan shaxsan tanishganimdan mamnunman. Ursula fon der Lyayen xonimning yetakchiligi va iqlim kun tartibini ilgari surishdagi izchilligi ilhom bag‘ishlaydi hamda samarali xalqaro hamkorlikka bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi”, deydi Saida Mirziyoyev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ravvinni qasddan o‘ldirishda ayblangan 3 o‘zbekistonlik o‘lim jazosiga hukm qilindi

O‘zbekistonliklarning BAAga, xususan, Dubayga kirishida qator muammolarning kelib chiqishiga, ularning aeroportlarda qolib ketishiga sabab bo‘lgan voqeani eslaysizmi? Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning noyabr oyi oxirlarida Isroil va Moldova davlatlari fuqarosi, Chabad-Lubavich harakati a’zosi, butun dunyo bo‘ylab yahudiylarning targ‘ibotini olib boruvchi ravvin Svi Koganning jasadi Birlashgan Arab Amirliklari hududidan topildi. Uning qasddan o‘ldirilishida 3 o‘zbekistonlik ayblanib, ko‘p o‘tmay, BAA hududida hibsga olingandi.

Xullas, tugayotgan haftada o‘sha uch o‘zbekistonlik – 28 yoshli Olim Tohirovich, Mahmud Abdulrahim hamda 33 yoshli Azizbek Komilovich Abu-Dabi federal apellyatsiya sudi Davlat xavfsizlik palatasi tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilindi.

BAAda qabul qilingan sud hukmi haqida birinchilardan bo‘lib Isroil matbuoti bong urdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning BAAdagi diplomatik vakolatxonalari tarmoqda tarqalib, o‘zbek matbuotigacha kirib borgan bu xabarlarni go‘yo tasdiqlagandek, munosabat bildirmadi.

Holbuki, Tashqi ishlar vazirligi ravvin o‘ldirib ketilgach, bu ishda o‘zbekistonliklar ayblanayotgan paytida, O‘zbekistonning Dubaydagi bosh konsulxonasi va Abu-Dabidagi elchixonasi Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib, mazkur masala yuzasidan oydinlik kiritish maqsadida tegishli ishlar olib borayotgani, tafsilotlar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishini aytib chiqqandi. Ushbu bayonotdan 4 oydan ortiq vaqt o‘tib, sud hukmi e’lon qilindi hamki, hech narsaga aniqlik kiritilgani yo‘q. Tashqi ishlar vazirligi o‘z sahifalari orqali bo‘lmasa-da, QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban o‘zbekistonliklarning o‘lim jazosiga hukm qilinganini tasdiqladi.

Bosh prokuror doktor Hamad Saif Al Shamsi Davlat xavfsizlik prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergovlardan so‘ng, sudlanuvchilar jabrlanuvchini kuzatib, o‘ldirganini aniqlagan va 2025 yil yanvar oyida to‘rt nafar ayblanuvchini tezda sudga olib kelishni buyurgan. Bildirilishicha, Davlat xavfsizlik prokuraturasi tomonidan sudga taqdim etilgan dalillar sudlanuvchilarning qotillik va odam o‘g‘irlash jinoyatlarini batafsil tan olishlari, sud-tibbiy ekspertiza xulosalari, o‘limdan keyingi ekspertiza xulosalari, jinoyatda qo‘llanilgan asboblar tafsilotlari va guvohlarning ko‘rsatmalaridan iborat.

Sud, shuningdek, qotillarga yordam bergan shaxsni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. U jazoni o‘tab bo‘lgach, mamlakatdan deportatsiya qilinadi. Faqat xabarlarda uning shaxsiga, qaysi mamlakat fuqarosi ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Birlashgan Arab Amirliklari qonunchiligiga ko‘ra, o‘lim jazosi hukmlari avtomatik ravishda apellyatsiya qilinadi hamda ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun Federal Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘limiga yuboriladi. Bundan ko‘rinadiki, o‘lim jazosi bo‘yicha hukm darrov amalga oshirilmaydi, u o‘zgarishi ham mumkin.

Masjidda portlash sodir bo‘ldi

31 mart kuni Andijonning Izboskan tumanida joylashgan “Ahmadali hoji” jome masjidida portlash sodir bo‘ldi. Dastlabki rasmiy ma’lumotlarda uch kishi vafot etgani, 10 kishi jarohat olgani aytildi, keyinchalik bu ma’lumotlar yangilanmadi.

Portlash oqibatida yong‘in sodir bo‘lmagan, tahoratxona binosi qulagan. Masjidga Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Botir Qudratxo‘jayev va viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yetib borgan.

Hodisa ortidan Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi qabul qilinib, Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan. Andijon viloyati prokuraturasi portlash ortidan Jinoyat kodeksining 205-(Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259- (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Viloyat prokuraturasi hodisaning sodir bo‘lish sabablari haqida shunday axborot bergan:

“Izboskan tumanida joylashgan “Ahmadali hoji” masjidining tahoratxona binosi yerto‘lasida isitish moslamalariga ulangan gaz quvurlaridan sizib chiqqan tabiiy gaz xona ichiga to‘planib qolishi oqibatida elektr energiyasi yoqilgan vaqtda chaqnash sodir bo‘lib, bino qulab tushgan. Tergov harakatlari davomida barcha holatlar to‘liq o‘rganilib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari FVVning 3 nafar qurbon va 10 nafar jabrlanuvchi borligi haqidagi ma’lumotiga shubha bilan qaramoqda. Bunday gumonlar Farg‘onadagi gaz quyish shoxobchasida chiqqan portlash ortidan berilgan rasmiy axborotlarga nisbatan ham bildirilgan edi. Bu voqea o‘tgan yilning 17 dekabrida sodir bo‘lib, unda 4 kishi qurbon bo‘lgani aytilgandi.

Gap Farg‘onadagi portlash xususida borarkan, jamoatchilik, tarmoq faollari Farg‘onadagi portlash Andijondagidan ancha dahshatli bo‘lgani, shunga qaramay, hududga hokim, vazir, Bosh vazir o‘rinbosarlari bormagani, Hukumat komissiyasi tuzilmagani, rasmiy ta’ziya bildirilmaganini tanqid qilmoqda.

Darvoqe, portlash sodir bo‘lgan masjidga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar ham borib, voqea oqibatlarini ko‘zdan kechirgan, qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari bilan uchrashib, ta’ziya bildirgan, moddiy yordam ko‘rsatilgan. Musulmonlar idorasi tomonidan berilgan xabarda moddiy yordam miqdori aytilmagan, faqat amaldagi qonunchilikka asosan moddiy yordam pullarini ham to‘lash nazarda tutilgani eslatilgan, xolos.

Polkovnik Agzam Faxriddinovich Izbosarov vafot etdi

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan polkovnik Agzam Faxriddinovich Izbosarov vafot etdi. Bu haqda DXX ma’lum qildi. Shuni aytish o‘rinliki, DXX xabarlari silsilasida bu kabi xabarlar deyarli uchramaydi.

Agzam Izbosarov Qurolli kuchlar Bosh shtabi Aloqa boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish olib borgan. Keyinchalik “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining Elektr tarmoqlaridan foydalanish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.

Marhum Agzam Izbosarov texnika fanlari nomzodi (PhD), texnika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega. U 2005 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan aloqa xodimi faxriy unvoni hamda 2021 yilda “Mardlik” ordeni bilan taqdirlangan edi.

O‘zbekiston demokratiya indeksida 146-o‘ringa chiqdi

O‘zbekiston 2024 yilda “The Economist” jurnali tarkibidagi Economist Intelligence Unit tahliliy bo‘limi tomonidan tuzilgan demokratiya indeksida 0,2 ball yo‘qotdi va shunga qaramay, umumiy reytingda boshqa davlatlardagi yomonlashuvlar hisobiga 2 pog‘ona yuqoriladi, 146-o‘ringa chiqdi.

Markaziy Osiyoning besh davlatidan ikkitasi – Turkmaniston va Tojikistonda demokratiya darajasi juda past. Demokratiya indeksi barcha mintaqa davlatlarida pasaygan yoki o‘zgarishsiz qolgan. Turkmaniston hanuz 1,66 indeks bilan mintaqada oxirgi o‘rinda – 161. Bu ko‘rsatkich 2020 yildan beri o‘zgarmagan. Tojikistonning indeksi esa 2023 yilda 1,94 bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda 1,83 ga tushib ketgan. Bu Prezident Imomali Rahmon siyosiy tizimni to‘liq nazorat qilayotgani bois siyosiy ishtirok ko‘rsatkichlarining yomonlashuvi bilan izohlangan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg‘iziston demokratiya bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda, garchi 2024 yilda bu mamlakat ham o‘z ko‘rsatkichlarini yomonlashtirgan bo‘lsa-da, 2023 yildagi 3,72 indeksdan 3,52 ga tushgan. Qayd etilishicha, bu pasayishga asosiy sabab – saylov jarayoni tanazzulga uchragani va OAVga bosim kuchaygani bo‘lgan.

Qozog‘iston esa o‘z pozitsiyasini saqlagan holda 3,08 indeksga ega. Jahon reytingida esa u 118-o‘rinni egallagan.

Markaziy Osiyo va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) mamlakatlari orasida eng yuqori demokratiya indeksiga ega davlat – Armaniston bo‘ldi: 5,35 ball va jahon bo‘yicha 82-o‘rin, bu esa ushbu davlatga gibrid rejimdagi davlatlar toifasida qolish imkonini bermoqda.

Tadqiqotda qayd etilishicha, demokratiya inqirozi faqat alohida mintaqalar emas, balki butun dunyoni qamrab olgan.

“Demokratiya keng ko‘lamda umidsizlik indeks asosida o‘tkazilgan so‘rovnomalar bilan tasdiqlanadi. Ushbu ma’lumotlar odamlarning demokratiya holatidan noroziligiga sabab bo‘lgan omillarni tushunishga yordam beradi. Ma’lumki, rasmiy demokratik institutlarning mavjudligi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovni ta’minlash uchun yetarli emas, ayniqsa bu institutlar ta’sir kuchini yo‘qotib, qarorlar saylanmagan tuzilmalar tomonidan qabul qilinayotgan bo‘lsa”, deya ta’kidlaydi “Economist Intelligence Unit” mutaxassislari.

Ma’lumot uchun, ushbu reytingda demokratiyani baholash tizimi oddiy: eng yaxshi ko‘rsatkichga ega davlat 10 ball oladi. Eng demokratik davlatlar deb Yevropa mamlakatlari tan olingan. Reytingda 9,81 indeks bilan Norvegiya yetakchilik qilmoqda.

AQSH vizasiga da’vogar shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari tekshiriladi

Demokratiya deymiz, og‘iz ko‘pirtirib fantaziyalar qilamiz-u, lekin hech bir mamlakatda uning ideal ko‘rinishini topib bo‘lmaydi, menimcha. Hatto dunyoga demokratiyani eksport qilib, bu bilan bog‘liq reytinglar tuzayotgan, davlatlarga demokratik holatiga ko‘ra baho berib, kerak bo‘lsa, sanksiyalar qo‘llayotganlarning o‘zida ham bu bilan bog‘liq ahvol tang. Ko‘pincha inson huquqlari, demokratiya masalalarida aynan o‘sha mamlakatlarda ikkilik standartiga uchraysiz, buning qurboniga aylanasiz.

Bu haqda bekorga gap boshlaganim yo‘q. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio tugayotgan haftada AQSH vizasiga da’vogar ayrim shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini tekshirishni va agar ular AQSH yoki Isroilni tanqid qilgan bo‘lsa, mamlakatga kirishini taqiqlash choralarini ko‘rishni buyurdi.

Nashrning yozishicha, Davlat kotibi Marko Rubio xorijdagi diplomatlarga viza olishga ariza beruvchi ba’zi talabgorlar, jumladan talabalarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini batafsil o‘rganishni buyurib, AQSH va Isroilni tanqid qilishda gumon qilinayotgan shaxslarga mamlakatga kirishni taqiqlashga yo‘naltirilgan choralarni ko‘rishni topshirgan.

Maxsus tekshiruvga tortiladigan vizalar turi sifatida F, M va J vizalari (talabalik va almashinuv dasturi bo‘yicha mehmon vizalari).

Terrorchilar bilan aloqador yoki ularga xayrixohlik bildirishda gumon qilingan shaxslar, 2023 yil 7 oktyabrdan 2024 yil 31 avgustgacha bo‘lgan davrda talabalik yoki almashinuv vizasiga ega bo‘lganlar, vizasi 2024 yil oktyabrdan keyin bekor qilingan shaxslar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari sinchkovlik bilan tekshiriladigan shaxslar sifatida keltirilgan.

Bu sanalar urush davrida Falastin xalqiga hamdardlik bildirgan talabalar arizalarini rad etish maqsadini ko‘rsatadi.

Rubioning ko‘rsatmalarida, shuningdek, agar talabnoma beruvchining xulq-atvori yoki harakatlari AQSH fuqarolari yoki AQSH madaniyatiga (jumladan hukumat, institutlar yoki asosiy tamoyillarga) nisbatan dushmanlik munosabatini namoyon etsa, unga viza berish rad etilishi mumkinligi ta’kidlangan.

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik esa joriy haftada AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni vataniga qaytishga chaqirdi. Elchixonaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga joylashtirilgan videoda so‘nggi bir necha yil ichida ko‘plab o‘zbekistonliklar Markaziy Amerika hududidagi xavfli yo‘llar orqali AQSHga kirgani, oqibatda AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan taxminan minglab o‘zbekistonliklar borligi aytilgan.

Elchi bunday shaxslarga O‘zbekistonga o‘z ixtiyori bilan qaytishni maslahat bergan. Aks holda ular AQSHda qamoqqa olinishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev masjid Markaziy Osiyo – Evropa Ittifoqi o'lim jazosi demokratiya indeksi Mubin Mirzaev Samarqand sammiti Leapmotor Agzam Faxriddinovich Izbosarov boylar Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing