Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibini mukofotladi
Jamiyat
−
07 aprel
1563Bugun, 7 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Pukvareke Chungong “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning ushbu nufuzli tuzilma raisi Tuliya Ekson va bosh kotibi Martin Chungongdan iborat delegatsiyasini qabul qilgan.
“Parlamentlararo ittifoqning yuqori darajali vakillari davlatimiz rahbarini Toshkent shahrida tashkilotning yubiley Assambleyasi muvaffaqiyatli tashkil etilgani hamda uning yalpi majlisida dasturiy nutq so‘zlagani bilan samimiy qutladilar”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ittifoq bilan hamkorlik yuksak darajaga chiqib, samarali tus olgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Suhbat chog‘ida mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida tinchlik va konstruktiv muloqotni mustahkamlash, “yashil” taraqqiyot va sun’iy intellekt sohasida qonun ijodkorligini kengaytirish, xotin-qizlar va yoshlarni parlament faoliyatiga yanada ko‘proq jalb etish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishda parlament diplomatiyasining ahamiyati qayd etilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti hamkorlikni rivojlantirish va parlament diplomatiyasini samarali ilgari surishga qo‘shgan katta hissasi uchun Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungongni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Ozarbayjon, Belarus va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari rahbarlarini qabul qilgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


