YeI O‘zbekistonga nisbatan sanksiya qo‘llashni rejalashtirmoqda – “Bloomberg”
Jamiyat
−
09 may 2023
37195Yevropa Ittifoqi “Rossiya harbiy-sanoat majmuasini Ukrainaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlayotgan” bir qator davlatlar, xususan, O‘zbekistonga nisbatan ham sanksiyalar joriy qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ittifoq ilk bora Rossiya urushda foydalanishi mumkin bo‘lgan tovarlar va texnologiyalarni yetkazib berishda gumon qilingan Xitoy firmalariga nisbatan choralarni ishlab chiqadi. Bundan tashqari, Ittifoq ijroiya qo‘mitasi a’zo davlatlardan sanksiyalar ro‘yxatiga 35 ga yaqin sub’ekt, jumladan, Gonkong, Armaniston, O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari kompaniyalarini ham qo‘shishni so‘ragan.
Yevropa Komissiyasiga ko‘ra, yuqoridagi sub’ektlar “Rossiya harbiy-sanoat majmuasini Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushida bevosita qo‘llab-quvvatlamoqda”. Hujjatlardan birida aytilishicha, “ikki maqsadli tovarlar va texnologiyalar, shuningdek, Rossiyaning mudofaa va xavfsizlik sektorini texnologik yaxshilashga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan tovarlar va texnologiyalarga nisbatan qat’iy eksport cheklovlarini” talab qiladi. Ro‘yxatga Moskva uchun urushda foydalaniladigan uchuvchisiz uchish apparatlari yetkazib berayotgan bir necha Eron va Rossiya firmalari ham kiritiladi. Shuningdek, Xitoy kompaniyalariga nisbatan ilk marta sanksiyalar qo‘llanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaga ikki maqsadli texnikalarni qayta eksport qilib, unga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bergan davlatlarga nisbatan chora ko‘rilishi aytilgandi. Shu maqsadda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha vakili Qirg‘iziston va Qozog‘istonga kelgan. Bundan tashqari, sanksiyalar bo‘yicha vakil O‘zbekistonda ham bo‘lib, Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgandi.
LiveBarchasi