YeI Rossiyaga yordam bergan Markaziy Osiyo davlatlariga sanksiya qo‘llamoqchi – “The Telegraph”
Olam
−
25 mart 2023
16123Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qo‘yilgan savdo cheklovlarini aylanib o‘tishga yordam bergani uchun Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan sanksiya qo‘llamoqchi. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga ko‘maklashayotgani taxmin qilinayotgan Markaziy Osiyo davlatlariga sanksiya qo‘llashi nazarda tutilgan maxfiy hujjat nashrga kelib tushgan.
Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlariga ikki maqsadli texnologiyalar, jumladan, kir yuvish mashinalari va eski avtomobillar eksportining o‘sishini aniqlagan. Yevropa Ittifoqi rasmiylari ushbu texnologiyalar Rossiyaga savdo cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam berishidan xavotirda. Ma’lumot uchun, Ittifoq rahbariyatining xavotirlari o‘rinli bo‘lib, ikki maqsadli texnologiyalar yordamida Rossiya Ukrainaga qarshi urushda zarar ko‘rgan tanklar, zirhli texnikalar va kuzatuv dronlarini ta’mirlashi mumkin.
Nashrning yozishicha, Yevropa Ittifoqi rahbariyati Markaziy Osiyo vakillari bilan gaplashib, sanksiyalarni chetlab o‘tishga ko‘maklashish oqibatlari haqida ogohlantirmoqchi. Agar Ittifoq rahbariyati Markaziy Osiyo davlatlaridan Rossiyaga ushbu tovarlarni qayta eksport qilish to‘g‘risidagi dalillarni topsa, bu davlatlarga Yevropa bozorlariga kirish cheklanishi mumkin.
“Biz uchinchi davlatlardagi shaxslar va tashkilotlarga kuchli signal berishimiz kerak. Rossiyaning harbiy va mudofaa sanoati bazasini moddiy qo‘llab-quvvatlash ularning Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishiga jiddiy oqibatlarga olib keladi”, deyiladi mahfiy hujjatda.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi