YeIning sanksiyalar bo‘yicha vakili ogohlantirish bilan Markaziy Osiyoga keldi
Olam
−
28 mart 2023
17897Avval xabar berganimizdek, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga savdo cheklovlarini chetlab o‘tishda yordam beradigan davlatlariga qarshi sanksiyalar joriy qilishni ko‘rib chiqayotgan edi. Bugun, 28 mart kuni Yevropa Ittifoqining mazkur masalalari bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan Markaziy Osiyoga keldi. Bu haqda “Interfax” xabar berdi.
Qayd etilishicha, O’Sallivan Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi matbuot anjumanida Rossiyaga qarshi sanksiyalar fonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar va xavflar bilan bog‘liq vaziyatni tasvirlab bergan. U sanksiyalar Qirg‘iziston bilan munosabatlarning yomonlashuviga olib kelmasligi kerakligi, YeI kuzda bu masalani hal qilish uchun respublikaga missiya yubormoqchi ekanini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi uchun sanksiyalarga qo‘shilmagan davlatlar rasmiylari bilan aloqa kanallarini yo‘lga qo‘yish muhim. Shu bilan birga, YeI har bir davlatning o‘ziga xos iqtisodiy va siyosiy konteksti borligini tushunadi.
“Biz bilamizki, Qirg‘iziston Rossiya bilan kuchli va keng savdo-iqtisodiy aloqalarga ega. Biz ularga zarar yetkazish niyatimiz yo‘q. Biz Yevropa Ittifoqi va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash hamda yaxshilash ustida ishlamoqdamiz. Bu savdo bo‘yicha aniq ma’lumot olish uchun muloqotni talab qiladi. Biz nazorat qiluvchi organlar salohiyatini oshirish uchun yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Ular sanksiyalar mohiyatini yaxshiroq tushunishlari kerak. Kuzda bu maqsadda missiya yuborishga tayyormiz”, degan O’Sallivan.
Yevropa Ittifoqining maxsus vakili 2022 yil oxirida Yevropa Ittifoqidan Qirg‘izistonga tovarlar eksporti hajmi oshganini qo‘shimcha qilgan.
"Mahsulotlar harakatini tahlil qilish uchun rasmiylar bilan muloqot boshlamoqchimiz. Agar mahsulotlar Rossiyaga ketsa, taqiq qo‘yishni xohlaymiz. Tranzit masalasini ham muhokama qilishni rejalashtirganmiz. Qirg‘izistonga Rossiya orqali tranzit bilan katta miqdordagi tovarlar jo‘naydi. Biz qirg‘izistonlik yetkazib beruvchilardan tovarlarni qabul qilib olgani haqida kafolat olishni xohlaymiz. Biz allaqachon harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan yuklarni tranzit qilishni taqiqlaganmiz. Lekin men taqiqni kengaytirishni xohlamayman. Yaxshisi, tranzitdagi tovarlar belgilangan mamlakatga yetib borishiga ishonch hosil qilish kerak”, deydi O’Sallivan.
Ma’lumot uchun, O’Sallivan O‘zbekiston va Qozog‘istonga ham tashrif buyurishi kutilmoqda.
LiveBarchasi