YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarning “oltin paketi”ni tayyorladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarning navbatdagi bosqichini tayyorladi. Yettinchi paket Rossiya oltini importiga taqiqni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi ba’zi bo‘shliqlarni yopadi va Rossiyadan oziq-ovqat importi uchun istisnoni aniq belgilaydi.

“Rossiya Ukrainaga qarshi shafqatsiz urushini davom ettirmoqda va shuning uchun bugun biz Kremlga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishni, mavjud sanksiyalarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishni va ularni 2023 yilning yanvarigacha uzaytirishni taklif qilamiz. Moskva tajovuz uchun juda qimmat to‘lov qilishi kerak”, degan Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen.

YeI mamlakatlari elchilari kelasi hafta – yozgi ta’til oldidan oxirgi ish haftasida “oltin paket”ni tasdiqlash uchun yig‘ilishadi.

Yangi paket avvalgilariga qaraganda ancha sodda. Oldingi paketda Rossiya nefti va ko‘miriga embargo joriy etilgandi.

Oldingi “neft paketi” Rossiya bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan Vengriya tufayli tezda qabul qilinmagandi. Natijada, neft embargosi qisman bo‘lib chiqdi va bir necha oyga kechiktirilgan holda o‘rnatildi.

Yettinchi sanksiyalar paketida oltinni, shu jumladan uchinchi davlatlar orqali olib kirishni taqiqlashdan tashqari, ukrainaliklarni o‘ldirish, ularning mamlakatini yo‘q qilish va egallab olishda Vladimir Putinning sheriklari deb hisoblagan shaxslar ro‘yxati kengaytiriladi.

Bundan tashqari, YeI Rossiyaga ikkilamchi maqsadlarda foydalaniladigan mahsulotlar, jumladan, asbob-uskunalar va neft-kimyo mahsulotlarini yetkazib berishga qo‘yilgan ayrim taqiqlarni kuchaytiradi hamda Rossiya savdo flotiga qarshi sanksiyalardan ozod qilish masalasiga oydinlik kiritadi.

Shu bilan birga, tankerlar floti uchun avvalgi embargodagi dengizda yuklarni port chegarasiga kirmasdan tashish imkonini beruvchi bo‘shliqni yopish uchun sanksiyalar kuchaytiriladi.

Uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan Rossiyaga bulutli saqlash xizmatlarini taqdim etishni taqiqlash yettinchi paketga kiritilmaydi, chunki Yevropa Ittifoqi uni ushbu sektordagi barcha gigantlar ustidan yurisdiksiyaga ega Buyuk Britaniya va AQSH bilan sinxronlashtirishni xohlaydi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

sanktsiya Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

11

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing