Yevropa Ittifoqi birinchi marta isroillik ko‘chmanchilarga qarshi sanksiyalar kiritdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi G‘arbiy Sohilda falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi uchun to‘rtta “ekstremist” isroillik ko‘chmanchiga va ikkita turarjoy tashkilotiga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda kecha, 19 aprel kuni YeI bayonoti e’lon qilindi.

“Bu shaxslar va tashkilotlar falastinliklarga qarshi inson huquqlarining jiddiy buzilishi uchun javobgardir", deb e’lon qildi Yevroittifoq.

Gap qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalalar, shuningdek, G‘arbiy Sohildagi falastinliklarning mulki, shaxsiy va oilaviy hayotiga bo‘lgan huquqlarining buzilishi haqida bormoqda.

Falastinliklarga qilingan hujumlar uchun "radikal" Lehava va Hilltop Youth guruhlari, ularning asoschilari Meir Ettinger va Elisha Yered, shuningdek, ko‘chmanchilar Neria Ben Pazi va Yinon Leviga nisbatan sanksiyalar qo‘llanildi. Ularning Yevropa Ittifoqiga kirishi taqiqlangan va ularning aktivlari muzlatib qo‘yiladi.

Shu kuni AQSH Moliya vazirligi ham falastinliklar bilan to‘qnashuvlar fonida sanksiyalar kiritdi. Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtonning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan ikki radikal isroillik ko‘chmanchiga moliyaviy yordam ko‘rsatgan ikkita tashkilotga nisbatan jazo choralari qo‘llanilgan. 

"Bunday harakatlar G‘arbiy Sohildagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka putur etkazadi", deydi AQSH Moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyemo.

Bundan tashqari, Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning ishonchli odami hisoblangan Lehava guruhi rahbari Ben-Sion Gopshteynga nisbatan jazo choralari qo‘llanilgan. Cheklovlar Qo‘shma Shtatlardagi aktivlarni blokirovka qilishni, shuningdek, AQSHdagi jismoniy va yuridik shaxslarning sanksiyalar reyestriga aloqador shaxslar bilan biznes yuritishini taqiqlashni nazarda tutadi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing