YeI Rossiyaga qarshi 2014 yilgi sanksiyalar muddatini uzaytirdi
Olam
−
17 iyun
3382Yevropa Ittifoqi Qrim va Sevastopol shahrining Rossiya Federatsiyasi tomonidan noqonuniy anneksiya qilinishiga javoban tashkilot tomonidan kiritilgan sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirishga qaror qildi. Bu haqda YeI kengashi o‘z bayonotida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2014 yilning iyun oyida kiritilgan sanksiyalar muddati endi 2025 yilning 23 iyunigacha amal qiladi. Ular noqonuniy ravishda qo‘shib olingan Qrim yoki Sevastopoldan Yevropa Ittifoqiga olib kiriladigan mahsulotlar va infratuzilmaviy yoki moliyaviy investitsiyalar hamda turizm xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan taqiqlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, ayrim tovarlar va texnologiyalarni Qrim kompaniyalariga eksport qilish yoki u yerda transport, telekommunikatsiya va energetika sohalarida yoki neft, gaz va mineral resurslarni qidirish va qazib olish uchun foydalanishda ham Yevropa Ittifoqi cheklovlari mavjud.
Ma’lumot uchun, bundan 10 yil oldin joriy etilgan Yevropa Ittifoqining Qrim va uning aholisiga qarshi sanksiyalari o‘sha paytdagi Rossiyaga nisbatan eng qattiq cheklovlar bo‘lib, ular ittifoq tomonidan yarimorolni transport va iqtisodiy blokada qilishga qaratilgan edi. Cheklovlar orasida, shuningdek, birinchi marta Qrim aholisining yarimorolda olingan Rossiya xorijiy pasportlaridan foydalangan holda, Yevropa Ittifoqiga kirishini taqiqlash ham bor edi. Shu bilan birga, ittifoq yarimorolning mamlakat tarkibiga kirishini umrbod tan olmaslik strategiyasini ham qabul qilib, hamjamiyatning barcha davlatlari unga rioya qilishi kerakligini belgilab qo‘ydi.
Bundan tashqari, YeI Belarus Rossiya bilan birgalikda Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzda ishtirok etgani, Eron Rossiyaga dronlar, Shimoliy Koreya esa qurol yetkazib bergani uchun ham ushbu davlatlarga cheklovlar kiritgan edi.
Ushbu chora-tadbirlar umuman olganda, Rossiyaning iqtisodiy bazasini zaiflashtirish, uni muhim texnologiyalar va bozorlardan mahrum qilish va urush olib borish qobiliyatini sezilarli darajada cheklash uchun mo‘ljallangan edi. Shu bilan birga, Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlarga nisbatan Yevropa Ittifoqining cheklovchi choralari Rossiyadagi jami 2100 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Bugungi kunga qadar Yevropa Ittifoqining Qrimga qarshi sanksiyalari Rossiyaga qarshi 13 ta cheklovlar paketi bilan to‘liq qamrab olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning fevral oyida Yevropa Ittifoqi Rossiya DXR va LXRni tan olgani uchun mamlakatning uchta bankiga sanksiya kiritgandi. 2023 yilning fevral oyi oxirlarida YeI unga qarshi sanksiyalarning 10-paketini, xususan, 121 jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan cheklovchi choralarni tasdiqladi. Mart oyida esa mamlakatga qo‘yilgan savdo cheklovlarini aylanib o‘tishga yordam bergani uchun Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan ham sanksiya qo‘llamoqchiligini ma’lum qildi. 2024 yilning fevral oyida ittifoq tomonidan Rossiyaga qarshi yana bir bor sanksiya qo‘llandi. Bu safar cheklovlarni o‘z ichiga olgan “Qora ro‘yxat”da KXDR vaziri ham bor edi.
LiveBarchasi