YeI Rossiya gaziga qaramlikdan qutilish uchun muddat belgiladi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi joriy yil oxirigacha Rossiya nefti va gaziga bo‘lgan qaramligini uchdan ikki qismga, 2027 yil oxiriga esa nolga tushirishni maqsad qilgan. Bu haqda Iqtisodiy masalalar bo‘yicha Yevropa komissari Paolo Jentiloni bayonot bergan

"Energiyani o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan turli sanksiyalar paketlari evolyutsiyasi sifatida biz bu yo‘nalishda ishlamoqdamiz. Birinchi maqsad – Rossiya neft va gaziga qaramlikni 2027 yilgacha nolga yetkazish uchun joriy yil oxirigacha (rus energiya resurslari iste’molini – tahr.) uchdan ikkiga kamaytirish. Ikkinchi maqsad – iqlimiy o‘tish davrini sekinlashtirmaydigan strategiyani ishlab chiqish. Rossiya energetikasiga qaramlikni kamaytirish yo‘li manbalarni o‘zgartirishdir", deydi u. 

Jentiloni Yevropa Ittifoqi avvalroq bashorat qilingan 4 foizlik iqtisodiy o‘sishni pastga qarab qayta ko‘rib chiqishi kerakligini ta’kidlagan.

"Bu sekinlashuv turg‘unlikka olib keladimi yoki yo‘qligini aytishga hali erta, chunki 2021 yilning ikkinchi yarmidan meros bo‘lib qolgan ba’zi ijobiy tomonlar mavjud, masalan, juda past ishsizlik va juda yuqori jamg‘armalar", deydi Yevropa komissari.

Uning fikricha, turg‘unlik xavfi ham ko‘p jihatdan Ukrainadagi mojaroning davomiyligiga bog‘liq. 

Shuningdek, Jentiloni joriy yilning 16 may kuni yangilangan iqtisodiy prognoz taqdim etilishini aytib o‘tgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

19

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing