Yaponiya Rossiya va Belarusdan yana 90 kishini “qora ro‘yxat”ga qo‘shdi

Olam

image

Yaponiya hukumati Ukraina atrofidagi vaziyat munosabati bilan Rossiya va Belarusdan yana 90 nafar shaxs va tashkilotga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda bugun, 5 iyul kuni Yaponiya Moliya vazirligi saytida chop etilgan hisobotda aytiladi. 

Xususan, yangi sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya Bosh vazirining o‘rinbosari Dmitriy Grigorenko, violonchelchi, Rossiya Federatsiyasi xalq artisti Sergey Roldugin, shuningdek, “Severstal” YOAJ va “Siloviye mashini” YOAJ direktorlar kengashi raisi Aleksey Mordashovning qarindoshlari – Marina, Kirill va Nikita Mordashovlar kirgan. 

Shuningdek, Yaponiya hukumati 5 sentyabrdan boshlab, Rossiyadan oltin olib kirishni va Rossiya Federatsiyasida buxgalteriya hisobi, audit, konsalting va trast xizmatlarini ko‘rsatishni taqiqlashni tasdiqladi. Oltin importiga qo‘yilgan taqiq tafsilotlari keyinroq ma’lum qilinadi. 

Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida may oyida bo‘lib o‘tgan G7 sammitida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini joriy etish niyatida ekanligini ma’lum qildi. 

Yaponiya hukumati avvalroq Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiya Federatsiyasiga nisbatan bir nechta cheklovchi choralar majmuasini tasdiqlagan edi. Rossiya, Belarus, Donetsk va Lugansk xalq respublikalaridan jami 700 dan ortiq kishi, shuningdek, 200 dan ortiq Rossiya va Belarus kompaniyalari va tashkilotlari individual sanksiyalar ostida qoldi. Bundan tashqari, Yaponiya “Otkritiye Bank”, “Novikombank”, “Sovcombank”, “VTB”, “Rossiya Bank”, “Promsvyazbank”, “VEB.RF”,  “Sberbank” va “Alfa-Bank” hamda Rossiyaning 40 ga yaqin tashkilot va kompaniyalari aktivlarini muzlatib qo‘ydi. 

Eksporti taqiqlangan tovarlar va texnologiyalar ro‘yxatiga 400 dan ortiq turdagi mahsulotlar, jumladan yarimo‘tkazgichlar, dengiz va aviatsiya xavfsizligi uchun uskunalar, telekommunikatsiyalar, aloqa vositalari, harbiy mahsulotlar, jumladan, qurol-yarog‘, dasturiy ta’minot, neftni qayta ishlash uskunalari, yuk mashinalari, samosvallar, buldozerlar temir yo‘l lokomotivlari, stanoklar va sanoatda ishlatiladigan boshqa elektr jihozlari kiradi.  Bundan tashqari, Rossiyaga hashamatli tovarlar, jumladan, qiymati 6 million iyendan (taxminan 49 ming dollar) ortiq bo‘lgan avtomobillarni yetkazib berishga ham taqiq qo‘yildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

2

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing