Mirziyoyev Yaponiyaga boradi
Jamiyat
−
29 noyabr 5354 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga borishi kutilmoqda. Joriy yil 27 noyabr kuni uning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Yaponiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Kenji Xirata bilan uchrashib, Prezident Mirziyoyevning Yaponiyaga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlikni muhokama qildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibini boyitish zarurligi qayd etildi.
“Ta’lim, tibbiyot loyihalarini hamda madaniy tashabbuslarimizni, jumladan, Osaka va Tokioda ko‘rgazmalar o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Yaponiya hukumatiga minnatdorlik bildirdim”, deb yozadi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Qayd etish joiz, Yaponiya nashrlari Tokio Markaziy Osiyoning beshta davlati – O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘iston ishtirokidagi birinchi sammitni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yozmoqda. Sammit joriy yilning dekabr oyi o‘rtalarida Tokioda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Ma’lumki, ilk sammit o‘tgan yilning avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq Yaponiyada kuchli zilzila bo‘lishi mumkinligi haqidagi ogohlantirish sababli tadbir so‘nggi daqiqada qoldirilgan. Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi bu galgi sammit resurslarga boy mamlakatlar bilan aloqalarni chuqurlashtirish, iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek, dekarbonizatsiya texnologiyalari va infratuzilma qurilishi kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yil 4 aprelda Samarqandda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti, 30 mayda Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Italiya” sammiti, 17 iyunda Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammiti, 9 oktyabrda Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyo – Rossiya” ikkinchi sammiti, 6 noyabr kuni Vashingtonda “Markaziy Osiyo – AQSH” ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi