Tokio birinchi Markaziy Osiyo – Yaponiya sammitiga tayyorlanmoqda

Olam

image

Yaponiya Markaziy Osiyoning beshta davlati – O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘iston ishtirokidagi birinchi sammitni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uchrashuv joriy yilning dekabr oyi o‘rtalarida Tokioda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Ma’lumki, ilk sammit o‘tgan yilning avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq Yaponiyada kuchli zilzila bo‘lishi mumkinligi haqidagi ogohlantirish sababli tadbir so‘nggi daqiqada qoldirilgan.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘iston 20 yildan ortiq vaqt davomida Yaponiya bilan vazirlar darajasida muzokaralar olib bormoqda.

Xabarda ko‘ra, mazkur besh davlat sobiq Sovet respublikalari bo‘lgani sababli Rossiya bilan yaqin aloqalarga ega, shuningdek, Xitoy ham ular bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. Shu bois, Yaponiya ham bu davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qiziqish bildirmoqda.

Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi sammit resurslarga boy mamlakatlar bilan aloqalarni chuqurlashtirish, iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek, dekarbonizatsiya texnologiyalari va infratuzilma qurilishi kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga umid qilmoqda.

Ma’lumot uchun, joriy yil 4 aprelda Samarqandda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti, 30 mayda Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Italiya” sammiti, 17 iyunda Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammiti, 9 oktyabrda Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyo – Rossiya” ikkinchi sammiti, 6 noyabr kuni Vashingtonda “Markaziy Osiyo – AQSH” ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yaponiya afg‘on ayollarining hayotini yaxshilash uchun katta pulni xayriya qilgani haqida xabar berilgandi. Unda, Yaponiya Afg‘onistonning chegara hududlaridagi ayollarning turmush sharoitini yaxshilash uchun 5,6 million dollar ajratgani aytilgandi. Afg‘onistondagi Yaponiya elchisi Kenichi Masamotoga ko‘ra, ushbu yangi loyiha ayollarga o‘zlari va oilalari uchun xavfsiz va samarali ish imkoniyatlarini yaratishga yordam beradi.  


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Tojikiston O'zbekiston Qirg'iziston Yaponiya Turkmaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing