Yakkabog‘lik tadbirkorning o‘g‘li “kalavaning uchi”ni aytib berdi

Intervyu

image

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevni yoqib yuborgan tadbirkor Bahriddin Isomov sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazish uchun Toshkentga olib kelingani haqida xabar bergan edik.

Bahriddin Isomov Toshkentdagi 1-sonli tergov izolyatoriga joylashtirilgan. U hozirda 15 kunlik karantinda.

Joriy yilning 20 iyul kuni tadbirkor Bahriddin Isomov tovon pulini to‘lamay, avvaldan ogohlantirmay ikki qavatli do‘kon va sex binosini buzmoqchi bo‘lgan hokim o‘rinbosari ustiga benzin sepib, yoqib yuborgan edi. Do‘kon va sex kredit mablag‘lariga qurilgan.

Hokim o‘rinbosari shifoxonaga yotqizilib, shu kuniyoq tuman prokuraturasi tomonidan Isomovga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u JKPning 221-moddasi bo‘yicha qo‘lga olingandi.

27 iyul kuni Yakkabog‘ tuman hokimi Shohmurod Donayev, tuman prokurori Jamshid Halilov yoqib yuborilgan hokim o‘rinbosari Mansur Tuymayev egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Tuymayevga nisbatan o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘sha kuni Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Yakkabog‘ga bordi. U tadbirkorning beton va g‘ishtdan qurilgan binosi nega “snos”ga tushganiga hayron bo‘lib, hokim o‘rinbosarining harakatini qoraladi.

QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova Bahriddin Isomovning o‘g‘li Sharofiddin Daminov bilan bog‘landi. U otasining qamoqxonadagi ahvoli haqida so‘zlab berdi.

“22 iyul kuni otam bilan uchrashuv tashkil qilindi. Yonma-yon 20-30 daqiqa suxbatlashdik. Ko‘rinishlari unchalik ham yaxshi emasdi. Tazyiq o‘tkazilgani yoki yomon munosabatda bo‘linganini sezmadik, lekin qo‘llaridagi yara bitmagandi. Qandli diabet kasalliklari bo‘lgani sababli oddiy yara normal uy sharoitida bitishi ham qiyin kechardi.

Bir necha kun oldin ham otam bizga qattiq tayinlab, “hech kim qarshilik ko‘rsatmaydi, men hali shu yerdaman, hokimiyat yoki IIB xodimlariga qo‘l ko‘tarmanglar ular kelsin, talabini aytsin qonuniy xatti-harakati bo‘yicha hujjatlarini ko‘rsatsin. Shunga qarab ish ko‘ramiz. Biz shu vaqtgacha Davlat siyosatiga qarshi bo‘lmaganmiz”, degandi.

Kompensatsiya pulini to‘lab bersanglar biz binoni topshiramiz, deganmiz. Voqea joyida bo‘lmaganman, lekin videoda ko‘rib turibmanki, 2-qavatda salon va tikuvxonadagi ishchi qizlar tushib kelayotgani yaqqol ko‘rinadi. Buldozer bilan urilayotgan vaqtida binoda odamlar bo‘lgan. Zinapoyada oyim, ukam, momom bo‘lishgan. Shularni ko‘ra-bila turib buldozer haydab, binoni buzishga urinyapti. Ichkarida 1-qavatda ham ishchilar bo‘lgan, lekin shunda ham to‘xtatmagan.

Nima uchun IIB xodimlari binodagi odamlarni chiqarmadi? Buzish niyatida ekan, nima uchun odamlarni o‘ylamayapti, boshqa ish bilan shug‘ullanib tomosha qilyapti...

Ogohlantirish xatini 20 iyul sanasi bilan 22 iyul kuni berdi. Ungacha bizga ogohlantirish xati berilmagan, faqat tahdid qilingan. Sizni uyingizga birov kelib, og‘zaki ravishda chiq bo‘shat desa, hech qanday xat-hujjatsiz uyingizni bo‘shatmaysiz-ku. Davlatimizda qonunlar bor. 

Biz ulardan nima sababdan binoni bo‘shatishimiz kerakligi va ular nega uni buzmoqchi ekanini so‘rab hujjat talab qilganmiz. Viloyat hokimligiga yozgan xatlarimizning hammasiga har xil javob berilgandi. Bir safar qizil chiziqqa tushgan, yana bir safar suv quvuri o‘tadi, ko‘cha chiroyini buzyapti degan turli bahonalar eshitganmiz. Ana shu bizni qiziqtirib qo‘ydi” deb ta’kidladi Sharofiddin Daminov.

Isomovning o‘g‘li so‘zida davom etib, qaror boshqa yer bo‘yicha chiqarilganu, ism-familiyaga otamning ma’lumotlari ketib qolgan deb iddao qildi.

“Viloyat hokimligiga yozgan xatimizga javoban boshqa birovning yeri to‘g‘risidagi qarorni qo‘yib familiyaga dadamning ismini yozib bergan. Biz yerni 2013 yilda olganmiz. Ular 2005 yildagi qarorni qo‘yib, bino buziladi deb, javob beryapti. Bu bo‘yicha viloyat hokimiga ham xat jo‘natdik. Ular adashib ketganmikan, yo bu yerda boshqa gap bormi deb, o‘yladik. Aniqlik kiritish uchun viloyat Arxiviga borib, qarordan nusxa so‘radik. Negaki shubhalana boshlagandik. Arxivdan qarorni olib qarasak, do‘konimizdan taxminan 200 metr uzoqlikdagi yo‘lning himoya zonasiga tushgan va allaqachon buzilgan do‘konning qaroriga dadamning ism-familiyasini qo‘yib, xatimizga javob berib yuborgan ekan.

Noqonuniy xatti-harakat bo‘lgani uchun bizning qarorimizni beringlar deb, talab qildik. Biz viloyat va tuman hokimligiga do‘konimiz qizil chiziqqa tushmagani yuzasidan xat yozganmiz”, dedi Sharofiddin Daminov.

U aytganlarining isboti sifatida tuman hokimiyatidan otasiga yuborilgan javob xati, yer ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimi qarorlarining suratini ham taqdim etdi.

Haqiqatdan ham tuman hokimiyati javob xatida 2005 yil 17 dekabr kuni chiqarilgan qaror ma’lumotlaridan foydalangan. Quyida qaror bilan tanishishingiz mumkin.

Bahriddin Daminovga yer ajratish to‘g‘risidagi hokim qarori.

2005 yildagi fuqaro Bekmurod Jo‘rayevga yer ajratish to‘g‘risidagi qaror.

Yakkabog‘ hokimiyatining tadbirkor Bahriddin Isomovga yo‘llagan javob xati.

QALAMPIR.UZ`ni kuzatishda davom eting. Tez orada Bahriddin Isomovning advokati Muzaffar Odilov bilan ham suhbatni taqdim etamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Yakkabog' Bahriddin Isomov Mansur Tuymaev Sharofiddin Daminov

Baholaganlar

330

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing