Yaqin Sharq “portlash” arafasida

Olam

image

Yaqin Sharq xavfli hududga aylanishi mumkin, shu bois AQSH ayrim xodimlarini bu mintaqadan ko‘chiradi. Bu haqda kecha, 11 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bayonot berdi.

“Reuters”ga ko‘ra, AQSH Iroqdagi elchixonasidan xodimlarining bir qismini evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda, shuningdek, mintaqadagi harbiy bazalarda joylashgan harbiy xizmatchilar oilalari uchun ixtiyoriy ketishga ruxsat beriladi. Bu qaror mintaqadagi xavfsizlik tahdidlarining ortgani bilan izohlangan, ammo ushbu tahdidlarning aynan nimalardan iborat ekani aniq aytilmagan.

Ushbu evakuatsiya xabarlari fonida neft narxi 4 foizdan ortiqqa ko‘tarildi.

AQSH Davlat departamenti Bahrayn va Quvaytdan ixtiyoriy ketishga ruxsat bergan. Departament kecha, 11 iyun kuni kechqurun o‘zining xalqaro sayohat bo‘yicha ogohlantiruvini yangilab, tegishli bayonot berdi.

“11 iyun kuni mintaqadagi keskinlik kuchaygani sababli, Davlat departamenti favqulodda bo‘lmagan AQSH hukumat xodimlarini evakuatsiya qilishni buyurdi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Donald Tramp ham bu qaror yuzasidan izoh berdi.

“Ularni olib chiqyapmiz, chunki bu xavfli joy bo‘lishi mumkin. Nimalar bo‘lishini kutamiz. Biz harakatni boshlash haqida ogohlantirish berdik”, deydi u.

Trampdan mintaqadagi vaziyatni qanday yumshatish mumkinligi haqida so‘rashganda, u shunday javob berdi: “Ular yadroviy qurolga ega bo‘lishi mumkin emas. Juda oddiy – ular bunga ega bo‘la olmaydi”.

AQSH Prezidenti avval ham Eron bilan yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, bu mamlakatga zarba berilishi mumkinligini bir necha bor aytgan. 11 iyun kuni bergan intervyusida esa u Eron uranni boyitishni to‘xtatishga rozi bo‘lishiga tobora kam ishonayotganini bildirgan.

Eron Mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda ham AQSHning harakatlariga javob berishga tayyor ekanini aytdi.

“Agar Eron hujumga uchrasa, mintaqadagi AQSH bazalariga javob zarbalari beriladi”, dedi u.

Shuningdek, Eron armiyasi rasmiylari AQSHning hujumi ularning o‘zlariga ko‘proq zarar berishidan ogohlantirgan.

Shunga qaramay, AQSHning Quvaytdagi elchixonasi diplomatik vakolatxona tarkibida o‘zgarish bo‘lmaganini, u to‘liq faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.

Harbiy ishtirok

AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy ishtiroki keng – u Iroq, Quvayt, Qatar, Bahrayn va BAAda bazalarga ega. AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset Yaqin Sharqdagi harbiylar oilalari uchun ixtiyoriy ketishga ruxsat bergan. Bu asosan Bahrayndagi oilalarga taalluqli, chunki u yerda ularning aksariyati joylashgan.

AQSHning yana bir rasmiysining aytishicha, Bag‘doddagi elchixona uchun rasmiy evakuatsiya rejasi mavjud bo‘lib, evakuatsiya tijorat reyslari orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan, ammo zarurat tug‘ilsa, harbiylar yordam berishga tayyor.

Iroq rasmiylari esa mamlakatda evakuatsiyani talab qiladigan darajada xavfsizlik tahdidi aniqlanmaganini bildirgan.

Qatardagi Al-Udeyd harbiy bazasida faoliyat davom etmoqda, evakuatsiya haqida hech qanday ko‘rsatma berilmagan. Qatardagi elchixona ham odatiy tartibda ishlashda davom etmoqda.

Keskinlik va xalqaro xavotirlar

Bag‘doddagi evakuatsiya haqidagi xabarlar fonida Brent markali neft narxi 3 dollarga oshib, bir barrel uchun 69,18 dollarni tashkil etdi.

Britaniya dengiz agentligi esa mintaqadagi keskinlik harbiy harakatlarga olib kelishi mumkinligini va bu G‘arbiy Fors qo‘ltig‘i, Ummon qo‘ltig‘i hamda Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarga ta’sir qilishi ehtimolidan ogohlantirdi. Ular ushbu suv yo‘llaridan o‘tishda hushyorlikni tavsiya qildi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi voqealarni diqqat bilan kuzatayotganini va Iroqdagi elchixonasi holatini muntazam baholab borishini bildirdi.

Iroq – AQSH va Eronning yagona umumiy sherigi bo‘lib, u yerda 2 500 AQSH askari joylashtirilgan. Biroq Eronga sodiq qurolli guruhlar Iroq xavfsizlik kuchlari bilan bog‘langan. 2023 yilning oktyabrida G‘azo urushi boshlanganidan beri ushbu guruhlar bir necha bor AQSH harbiylarini nishonga olgan, ammo so‘nggi oylar ichida hujumlar kamaygan.

O‘tgan yili Isroil va Eron o‘zaro bevosita ikki bor o‘t ochgan edi. Bu ikki dushman davlat o‘rtasidagi ilk bevosita harbiy to‘qnashuv bo‘lgan. O‘shanda raketalar va dronlar Iroq osmoni orqali uchgan. Isroil AQSHning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi sifatida, Eron bilan bog‘liq nishonlarga Iroq va Suriyadan zarbalar bergan.

So‘nggi oylar ichida AQSH mintaqaga qo‘shimcha harbiy kuchlar, jumladan B-2 bombardimonchilarini joylashtirgan, ikkinchi aviatsiya kemasining xizmat muddatini uzaytirgan (hozirda bu kemalar olib ketilgan).

Eron va AQSH o‘rtasidagi navbatdagi yadro muzokaralari yaqin kunlarda o‘tkazilishi kutilmoqda. Tehron AQSHning so‘nggi taklifini rad etib, o‘z qarshi taklifini taqdim etishi kerak.

“Har qanday harbiy tahdid AQSHning Eron bilan muzokaradagi strategiyasining bir qismi bo‘lib kelgan. Ammo AQSH yoki Isroilning harbiy hujumi jiddiy oqibatlarga olib keladi”, degan eronlik yuqori martabali rasmiy “Reuters”ga.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 15 iyun kuni Ummonda yadroviy kelishuv bo‘yicha AQSH va Eron muzokaralarining oltinchi raundi bo‘lib o‘tishi xabar qilingandi.  

Ikki davlat Eron yadro dasturi bo‘yicha besh marta muzokara o‘tkazdi. Donald Trampning ta’kidlashicha, Vashington Tehronning uranni boyitish ehtimolidan voz kechishni istamagani uchun uning pozitsiyasidan hali qanoatlanmaydi. Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy Vashington tomonidan ilgari surilgan shartlar mamlakat manfaatlariga zid ekanini aytdi.

Ma’lumot uchun, AQSH va Eronning Ummon vositachiligidagi Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muzokaralarining birinchisi 12 aprel kuni Ummon poytaxti Maskatda, ikkinchisi 19 aprel kuni Rimda, uchinchi va to‘rtinchisi 26 aprel va 11 may kuni yana Ummon poytaxtida va beshinchisi  23 may kuni yana Italiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan. Maslahatlashuvlarda Eron delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, Amerika delegatsiyasiga esa Prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff boshchilik qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp Iroq Yaqin Sharq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing