Ummonda Eron-AQSH muzokaralarining navbatdagi raundi yakunlandi

Olam

image

Bugun, 26 aprel kuni Eron va AQSH o‘rtasidagi Ummon poytaxti Maskatda o‘tgan bilvosita muzokaralarning uchinchi raundi yakunlandi va tomonlar maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldi. Bu haqda “PressTV” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugungi muzokaralarga Ummon Tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy vositachilik qilgan. Avvalgidek, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkof muzokaralarga rahbarlik qilgan. Maskatda Eron va AQSH mutaxassislari ishtirokida texnik darajadagi uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tgan.

“Ularning asosiy maqsadi Tehronning tinch maqsaddagi yadro dasturi bo‘yicha kelishuv uchun asosiy doirani shakllantirish edi. AQSH ekspertlar delegatsiyasiga AQSH Davlat departamentining siyosat rejalashtirish boshqarmasi rahbari Maykl Anton, Eron tomoniga esa Tashqi ishlar vazirlarining o‘rinbosarlari Kazem G‘aribabodiy va Majid Taxti-Ravonchiy boshchilik qildi. Muzokaralarda tomonlarning kutishlari va talablarini batafsil muhokama qilishga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.

Telekanalga ko‘ra, delegatsiyalar o‘z poytaxtlariga qaytib, ichki maslahatlashuvlarni davom ettiradi. Keyingi yuqori darajadagi uchrashuv joriy yilning 3 may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Ummon Tashqi ishlar vaziri o‘zining X akkauntida ma’lum qildi. U bugungi muzokaralarda o‘zaro hurmat va uzoq muddatli majburiyatlar asosida kelishuvga erishish istagi qayd etilganini ta’kidladi. Shuningdek, muzokaralarda asosiy tamoyillar, maqsadlar va texnik masalalar muhokama qilinganini bildirdi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oyi esa Tehronning yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha qonuniy huquqini saqlab qolish masalasi muzokaralarning markazida bo‘lganini ma’lum qildi. U, shuningdek, sanksiyalarni bekor qilish, Eron yadro dasturining tinch xarakterini kafolatlash va fuqarolik yadro energiyasiga bo‘lgan huquqni himoya qilish bo‘yicha fikr almashilganini ta’kidladi.

Shuningdek, Bag‘oyi ayrim G‘arb OAVlarining da’volarini rad etib, Eronga oid mudofaa va raketa dasturlari muzokara mavzusi bo‘lmaganini va hech qachon bo‘lmasligini ta’kidladi.

Muzokaralardan so‘ng Abbos Aroqchi ham jurnalistlarga intervyu berib, Muskatdagi uchinchi raund muzokaralari oldingilarga qaraganda ancha jiddiy o‘tganini ta’kidladi. Xususan, mutaxassislarning faol ishtiroki muhim rol o‘ynaganini va tomonlar bir necha bor o‘z pozitsiyalarini yozma ravishda almashganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari u o‘z bayonotida Shahid-Rajai portida yuz bergan hodisa munosabati bilan halok bo‘lganlarning oila a’zolariga ta’ziya izhor etdi va jarohatlanganlarga hamdardlik bildirdi. Aroqchi hodisaning oqibatlari tez orada to‘liq o‘rganilib, jarohatlanganlarga zaruriy yordam ko‘rsatilishiga umid bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Eron va AQSH joriy yilning 12 va 19 aprel kunlari Ummon va Italiyada ikki raund muzokaralar o‘tkazgan edi. Muzokaralarning maqsadi Eronning yadroviy dasturi va Tehronga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha kelishuvga erishishdan iborat.


Maqola muallifi

Teglar

Ummon Eron-AQSh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing