Ummonda Eron va AQSH muzokaralari yakunlandi

Olam

image

Bugun, 12 aprel kuni Eron yadroviy dasturi yuzasidan Eron va AQSH delegatsiyalari o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar yakunlandi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Eronlik delegatsiya a’zolaridan birining ISNA’ga ma’lum qilishicha, muzokaralar “umuman olganda muvaffaqiyatli o‘tgan”. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff esa Eron yadroviy dasturi yuzasidan vaziyatni tartibga solish bo‘yicha muzokaralarni keyingi hafta davom ettirishga kelishib olganini bildirgan.

“Muzokaralarni keyingi hafta davom ettirishga kelishib olindi”, deyiladi Eron TIVning bayonotda.

Shuningdek, bayonotda Eron va AQSH vakillarining yadroviy dastur yuzasidan maslahatlashuvlari konstruktiv ruhda o‘tgani qayd etilgan.

“Ummon vositachiligida o‘tgan muzokaralar konstruktiv muhitda va o‘zaro hurmat asosida kechdi”, deyiladi bayonotda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Stiven Uitkoff hamda Abbos Aroqchi muzokaralar yakunida Ummon Tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad bin Hamud al-Busaidiy ishtirokida shaxsan qisqacha suhbatlashgan.

“Ta’kidlash joizki, Eron va AQSH delegatsiyalari rahbarlarining ikki yarim soatdan ortiq davom etgan bilvosita muzokaralaridan so‘ng, ular uchrashuv o‘tkazilgan joyni tark etar ekanlar, Ummon Tashqi ishlar vaziri ishtirokida bir necha daqiqa davomida suhbatlashishdi”, deyiladi Eron TIV bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, muzokaralar bo‘lishi 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan edi. Shuningdek, Tramp 7 mart kuni Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyga xat yuborganini bildirgan. Unda Prezident Eronni ikki yo‘ldan birini tanlashga undagan: “kelishuvga erishish yoki AQSH bilan harbiy to‘qnashuv”. Bu maktub BAA orqali yetkazilgan, biroq uning mazmuni oshkor etilmagan. “Axios” nashriga ko‘ra, Tramp Tehronga yangi yadroviy bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun 60 kunlik muddat bergan.

Mart oyi oxirida Erondan AQSHga Ummon vositachiligida javob yetkazilgan. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning aytishicha, Tehron bevosita muzokaralarni rad etgan, biroq “bilvosita muloqot yo‘li ochiq qolgan.” Oldinroq esa Ummon poytaxti Maskatda Eron va AQSH o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar boshlangani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Ummon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing