Bolalarga mashinasini berganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin
Jamiyat
−
04 avgust 1903 3 daqiqa
O‘zbekistonda Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni, agar odam o‘limi yoki jarohatlanishi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan holatda, avtomobilni topshirgan shaxsga jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda. Bu haqda bugun, 4 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida so‘z bordi.
Deputatlar majlisda “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi va qabul qildi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida fuqaroning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilgan, odam o‘limi yoxud boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqqan hollarda transport vositasini topshirgan shaxsga jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish, avtomototransport vositalari poygasini noqonuniy tashkil etish va unda ishtirok etish, yuk transport vositalarini tungi vaqtda yo‘l harakati ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan holatda yo‘l chetida qoldirish, transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzish, belgilangan tezlikni 80 kilometr/soatdan ortiq miqdorda oshirish uchun alohida va kuchaytirilgan javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ma’muriy jazoning yangi turi – avtomototransport vositasini olti oydan bir yilgacha muddatga vaqtincha olib qo‘yish chorasini joriy etish taklif qilinmoqda. Mazkur jazo yo‘l bezoriligi, noqonuniy poyga tashkil etish, transport vositalarini mastlik holatida boshqarish, mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash kabi qilmishlar transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilganda qo‘llanilishi belgilanmoqda. Ushbu jazo chorasi qonunda nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman yoki shahar sudi tomonidan qo‘llaniladi.
Qonun loyihasida transport vositasini mastlik holatida boshqarish yoki tegishli tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash uchun belgilangan jazo choralarini takomillashtirish, shuningdek, ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar takroran sodir etilganda jarimani chegirma bilan to‘lash tartibini muayyan muddat davomida qo‘llamaslik ham nazarda tutilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasining asosiy maqsadi jazolarni kuchaytirish emas, avvalo, xavfli huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, haydovchilarning mas’uliyatini oshirish va yo‘llarda inson hayoti ustuvorligini ta’minlashga qaratilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent shahrida soat 21:46 da 2010 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan, xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov BMW M4 rusumli avtomashinani haydovchilik guvohnomasiz boshqarib, Mirobod tumani Mirobod ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan vaqtda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi.
Keyinroq, 3 kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan ichki ishlar organi xodimi ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi. Ushbu xodimning oila a’zolari davlat muhofazasiga olinishi belgilandi.
Joriy yilning mart oyida boshida inspektorni urib ketgan o‘smir Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi. Jinoyat ishi doirasida Turg‘unov Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilgani xabar qilindi. Hodisa bo‘yicha Doniyor Turg‘unov ustidan sud jarayoni boshlangan. Ish voyaga yetmagan shaxs ishtirokida bo‘lgani uchun sud jarayoni yopiq tarzda o‘tmoqda. Dastlabki sud majlisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida joriy yilning 26 iyun kuni bo‘lib o‘tgan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust