BMW’da YPX inspektorini urib yuborgan o‘smirning sudi boshlandi

3-sahifa

image

Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrida 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov BMW bilan yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan edi. Hodisa bo‘yicha Doniyor Turg‘unov ustidan sud jarayoni boshlangan. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, ish voyaga yetmagan shaxs ishtirokida bo‘lgani uchun sud jarayoni yopiq tarzda o‘tmoqda. Dastlabki sud majlisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida joriy yilning 26 iyun kuni bo‘lib o‘tgan.

Ish sudga Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan taqdim etilgan.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

Joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent shahrida soat 21:46 da 2010 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan, xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov BMW M4 rusumli avtomashinani haydovchilik guvohnomasiz boshqarib, Mirobod tumani Mirobod ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan vaqtda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi.

Keyinroq, 3 kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan ichki ishlar organi xodimi ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi. Ushbu xodimning oila a’zolari davlat muhofazasiga olinishi belgilandi.

Joriy yilning mart oyida boshida inspektorni urib ketgan o‘smir Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi. Jinoyat ishi doirasida Turg‘unov Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilgani xabar qilindi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing