Andijonda yuk mashinasi dahshatli YTH sodir etdi. Qurbonlar bor (video)

3-sahifa

−

image

Kecha, 10 oktyabr kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumanida tormozi ishlamay qolgan yuk mashinasi yettita avtomobil bilan to‘qnashdi. Oqibatda 3 nafar fuqaro voqea joyida vafot etdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa soat 09:40 larda Buloqboshi tumani “Neftchilar“ MFY, Konchilar ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Neftchilar – Kulla“ yo‘nalishida harakatlanayotgan, 1978 yilda tug‘ilgan O‘.A. boshqaruvidagi tuproq ortilgan HOWO rusumli yuk avtomobili tormoz tizimidagi nosozlik sababli boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda yuk avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan Cobalt, Nexia, BYD Song Plus va Nexia-2 rusumli avtomobillar, shuningdek, yo‘lning o‘ng tomonida to‘xtab turgan Nexia-3, Damas va Matiz rusumli transport vositalari bilan to‘qnashgan. Hodisa oqibatida ko‘cha bo‘yida joylashgan do‘konlarga ham zarar yetgan.

Shuningdek, ushbu YTH oqibatida 3 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan. HOWO rusumli yuk avtomobili haydovchisi va yana 3 nafar fuqaro turli tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Buloqboshi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda hodisaning barcha holatlarini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning Olmazor tumanida yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan ikkita Damas va avtokranga urilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing