“Vagner” yollanma askarlar jalb qilishni to‘xtatdi. Rossiyadan “najot” yo‘qmi?
Olam
−
31 iyul 2023
7645“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi yangi yollanma askarlar bilan shartnoma imzolashni noma’lum muddatga to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifalaridan birida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, harbiy kompaniyaga yangi ko‘ngillilarni jalb qilishning vaqtincha to‘xtatilishi “katta kadrlar zaxirasining mavjudligi” bilan izohlangan.
“Vagner”ga aloqadorligi aytiladigan “Grey Zone” Telegram-kanalida Yevgeniy Prigojinning ham bu bo‘yicha izohi joylangan bo‘lib, unda kompaniya asoschisi ishga olish markazlarining yana qachon ochilishi ma’lum emasligini aytgan.
Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda “Vagner” Belarus va ayrim Afrika mamlakatlaridagi tayyorgarlik markazlarida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
“Bugun biz o‘zimizning navbatdagi vazifalarimizni belgilamoqdamiz, ularning konturi tobora aniq bo‘lib bormoqda. Albatta, bular Rossiyaning buyukligi uchun amalga oshiriladigan vazifalardir”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyun kungi Yevgeniy Prigojinning amalga oshmagan isyonidan so‘ng “Vagner” guruhi Belarusga ketishi belgilangan edi. Keyinroq uning Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashishi taqiqlangani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan “Vagner”ga taqdim etilgan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar ham qaytarib olindi. Prezident Vladimir Putin esa ushbu xususiy armiya yuridik jihatdan mavjud emasligini ma’lum qildi.