Ukrainaga qarshi urushda yaralanib, O‘zbekistonga qaytgan fuqaro qamaldi
Olam
−
31 may 13976 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgani hamda o‘z uyida giyohvandlik moddasi yetishtirgani uchun 5 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Ish materiallariga ko‘ra, u 2022 yilning sentyabr oyi o‘rtalaridan 2023 yilning mart oyi o‘rtalariga qadar yollanish maqsadida Rossiyaning Xutor Molkin nomli shaharchasiga borib, u yerda Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan. U guruh ichida va jangarilar lagerlarida jangovar o‘qotar qurollar bo‘yicha o‘quv tayyorgarligidan o‘tib, so‘ng har bir qurolli to‘qnashuvga kirish uchun ma’lum miqdorda moddiy rag‘batlantirilishini ko‘zlagan. Rossiya fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi bo‘lmasada, Ukrainaning Qurolli kuchlariga qarshi bir qancha qurolli to‘qnashuvlarda va harbiy harakatlarda qatnashgan.
Janglardan birida u granata parchalaridan og‘ir yaralanib, Donbass va Moskvadagi gospitallarga evakuatsiya qilingan. Ammo ushbu voqeadan keyin u 2023 yilning mart oyida O‘zbekistonga qaytgan.
O‘zbekistonga qaytganidan keyin ham u qing‘ir ishlarini davom ettirgan. Joriy yilning fevral oyida maxsus tadbirlar davomida ushbu fuqaroning uyidan ichida 9,74 gramm marixuana bo‘lgan sumka topilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, marixuanani shaxsiy iste’mol uchun saqlagan.
Fuqaro O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismi va 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 1-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga nisbatan 5 yil-u 1 oy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari tarkibida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashgan 20 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr