Prigojinning onasi YeI “qora ro‘yxati”dan chiqarildi
Olam
−
13 Sentabr
3545Yevropa Ittifoqi “Vagner” kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinning onasi Violetta Prigojina va “Formula-1” poygachisi, rossiyalik tadbirkor, “Uralkali” kompaniyasi egasi Dmitriy Mazepinning o‘g‘li Nikita Mazepinga nisbatan sanksiyalarni rasman bekor qildi. Sanksiyalar ro‘yxatiga tegishli o‘zgartirishlar bugun, 13 sentyabr kuni Yevropa Ittifoqi jurnalida e’lon qilindi.
Ulardan tashqari yana bir qancha rossiyaliklarga nisbatan ularning o‘limi bilan bog‘liq cheklovlar olib tashlandi: 2023 yilning noyabrida vafot etgan senator Vladimir Lebedev, 2022 yil dekabrida vafot etgan “DXR” deb nomlangan kengash a’zosi Mariya Pirogova, 2023 yil oktyabr oyida vafot etgan aktyor Mixail Golubovich va 2024 yil fevral oyida vafot etgan general-polkovnik Valeriy Vostrotin. 2024 yil bahorida xuddi shu sababga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi 2023 yil avgust oyida Prigojin bilan aviahalokatda vafot etgan “Vagner” qo‘mondoni Dmitriy Utkinni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashladi.
Shu bilan birga, “Yandeks” asoschisi Arkadiy Voloj va “AFK Sistema”ning sobiq vitse-prezidenti Sergey Mndoyans sanksiyalardan ozod etildi.
Prigojina va kichik Mazepin Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng darhol Yevropa Ittifoqining sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan, bu esa ularning Yevropa Ittifoqidagi aktivlarini muzlatib qo‘yishga va uning hududiga kirishni taqiqlashga olib kelgan.
Ularga nisbatan sanksiyalar Yevropa Ittifoqining Lyuksemburgdagi sudi tomonidan bekor qilindi - Violetta Prigojinaga nisbatan sud bu qarorni 2023 yil mart oyida, Nikita Mazepinga nisbatan – shu yilning mart oyida qabul qilgan.
“Vagner” asoschisi Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini buzadigan harakatlar uchun javobgar bo‘lsa ham, Prigojinaning o‘g‘li bilan sanksiyalar paytida o‘rnatilgan aloqasi "faqat oilaviy munosabatlarga asoslanadi va bu uni bahsli ro‘yxatlarga kiritishni asoslab berish u yetarli emas”, deya ta’kidladi Yevropa Ittifoqi Sudi o‘z qarorida.
Xuddi shunday qaror kichik Mazepinga nisbatan ham qabul qilindi. Uning otasi bilan oilaviy aloqasi Nikita Mazepinni umumiy manfaatlar bilan bog‘liq deb hisoblash uchun yetarli asos emas.
Poyga mashinasi haydovchisining otasiga nisbatan sanksiyalar kuchda qolmoqda. 2023 yil noyabrida Yevropa Ittifoqi sudi poygachining otasi Dmitriy Mazepinga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishdan bosh tortdi. Sud, keng ko‘lamli urushning birinchi kunida Mazepin boshqa ishbilarmonlar bilan birga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Rossiya hukumatining boshqa a’zolari bilan uchrashuvda qatnashganini, unda G‘arb sanksiyalarining Rossiya iqtisodiyoti uchun oqibatlarini muhokama qilganini eslatdi.
“Mazepinning ushbu uchrashuvga taklif qilingani u Putinning yaqin doirasiga kirganini va Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi yoki amalga oshirishini ko‘rsatadi”, deyiladi hujjatda.
Joriy yilning iyul oyida tadbirkor yana Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga qarshi chiqishga urindi, biroq muvaffaqiyatga erisha olmadi.
LiveBarchasi