“Vagner” yuridik jihatdan mavjud emas – Putin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Vagner” kabi xususiy harbiy kompaniyalar mamlakat qonunchiligi bo‘yicha mavjud emasligini aytdi. Bu haqda u “Kommersant” muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bizda xususiy harbiy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun yo‘q. Shunchaki mavjud emas. Guruh bor, lekin u qonuniy jihatdan yo‘q. Bu haqiqiy qonuniylashtirish bilan bog‘liq alohida masala”, deydi Prezident.

Shuningdek, Putin 29 iyun kuni “Vagner” rahbarlari bilan bo‘lgan uchrashuv tafsilotlarini ham ochiqlagan. Uning aytishicha, uchrashuvda kompaniyaning 35 nafar komandiri, jumladan, uning rahbari Yevgeniy Prigojin ham ishtirok etgan. Davlat rahbari ularga harbiy xizmatni davom ettirishning bir nechta variantlarini taklif qilgan. Jumladan, Seda qo‘mondonligida xizmat qilishni maslahat bergan.

“Bir tomondan, ular bilan bo‘lgan uchrashuvda men ularning jang maydonida qilgan ishlariga baho berdim, ikkinchi tomondan, 24 iyun voqealari chog‘idagi harakatlariga. Uchinchidan, ularga xizmatni davom ettirish, shu jumladan jangovar faoliyat uchun mumkin bo‘lgan variantlarni ko‘rsatdim. Hammasi shu”, deydi Putin.

Rossiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, uning bu taklifidan so‘ng aksar komandirlar bir varakayiga bosh irg‘agan bo‘lishiga qaramay, Prigojin “yigitlar bunday qarorga rozi emas”, deya bunga qarshi chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq fransuz nashrlaridan biri razvedka ma’lumotlariga tayangan holda Putin 29 iyun kuni Prigojin va “Vagner” qo‘mondonlari bilan uchrashgani haqida xabar bergandi. Keyinroq mazkur xabarni Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham tasdiqladi.

Prigojinning bir kunlik isyoni

Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin “Vagner” Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing