“Vagner"ning Rossiyadagi asosiy bazasi yopiladi
Olam
−
18 iyul 2023 7358 2 daqiqa
Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi Goryachiy Klyuch shahri yaqinidagi Molkino harbiy poligonida joylashgan “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining asosiy bazasi yopilyapti. Bu haqda “Razgruzka Vagnera” Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
"Molkinodagi baza o‘z faoliyatini to‘xtatdi. “Vagner” yangi joylashuv nuqtalariga ko‘chmoqda”, deydi e’lon qilingan videoda bir jangchi.
Videoda bazadagi Rossiya va “Vagner” bayroqlari olib tashlanganini ko‘rish mumkin.
Boshqa bir jangchiga ko‘ra, baza rasman shu yilning 30 iyul kuni yopiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Qurolli Kuchlari “Vagner”dan 2 mingdan ortiq texnika va qurollar, shu jumladan, yuzlab tanklar, “Grad”, “Uragan” raketa tizimlari, “Pansir” havo mudofaa tizimi, o‘ziyurar artilleriya moslamalari, zirhli transport vositalari va boshqalarni qaytarib olgandi. Shuningdek, Belarus ommaviy axborot vositalari mamlakatning Mogilyov viloyatida “Vagner” bo‘linmalari uchun lager qurilishi boshlanganini xabar bergandi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa “Vagner” yuridik jihatdan mavjud emasligini aytgandi.
Prigojinning bir kunlik isyoni
Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi