O‘zbekistonda moratoriy, Andijonda esa 10 ga yaqin ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlandi
Jamiyat
−
04 fevral 2022 3536 2 daqiqa
Andijonda moratoriyga qaramay daraxtlarni kesish davom etmoqda. Bu safar Asakada 10 ga yaqin ko‘p yillik daraxt kesib tashlandi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.
Aniqlanishicha, Asaka tumani “A.Temur” MFY hududidagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va mahalliy davlat hokimiyatining ruxsatnomasi berilmagan.
Mazkur hududdagi daraxtlarni xususiy korxona rahbariyati tomonidan daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinmagan.
Hozirda surishtiruv ishlari davom etmoqda. Mazkur qonunbuzarlik holati natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berib boriladi.
Avvalroq, Andijon viloyati perinatal markazi hududida 12 tup daraxt noqonuniy ravishda kesilgani haqidagi xabar bergan edik.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Andijon shahar Perinatal markazi hududida 12 tup “eldor qarag‘ayi” daraxti O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 37-moddasi 2-bandi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 2-bandi talablari buzilganini ma’lum qilgandi.
Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun, 2021 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi. Farmon bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr