O‘zbekistonda ko‘p narsa o‘zgarmagan – Agniyeshka Pikulitska akkreditatsiyasiz qolganiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
02 iyun 2021
9416Avvalroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Al Jazeera” telekanali muxbiri Agniyeshka Pikulitska-Vilchevskaning akkreditatsiyasi uzaytirmagani haqida xabar bergan edik. Jurnalist o‘zining Twitter’dagi sahifasida O‘zbekiton TIVning qaroridan norozi bo‘lib post qoldirdi.
“O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bugun mening akkreditatsiyamni yangilashdan bosh tortganining ajablanarli joyi yo‘q. Ular men fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitganman, etnik va diniy adovatni qo‘zg‘atib, mamlakatning ichki ishlariga aralashganimni ta’kidlamoqda. Shuningdek, ular ushbu harakatlar bir qator qonunlarga, jumladan “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga zid ekanligini ta’kidlashmoqda”, degan Pikulitska.
Polshalik jurnalist akkreditatsiyasi uzaytirilmaganini o‘tgan yili TIVda o‘zi duch kelgan zo‘ravonliklarni ijobiy yoritishi uchun qilinayotgan bosim ekanini iddao qilgan.
“Bularning barchasi o‘tgan yili TIVda men duch kelgan zo‘ravonlik va voqealarni ijobiy tarzda yoritishim uchun menga o‘tkazilgan bosimlar hamda ikki oy davomida ijtimoiy tarmoqlarda radikallar va hukumat botlari tomonidan uyushtirilgan nafrat kampaniyalari, xavfsizlik xizmatlari tomonidan bosimlar va do‘stlarimga nisbatan ta’qiblar fonida yuz bermoqda”, degan jurnalist.
Jurnalist so‘nggi uch yilda u bilan birga ishlagan odamlar bu urinishlar uni jim qilishga maqsadida uyushtirilayotganini hamda O‘zbekistonda ko‘p narsa o‘zgarmaganini ko‘rsatishini ta’kidlagan.
“Ular, shuningdek bu menga O‘zbekistondagi adolatsizlik va inson huquqlari buzilishi haqida gapirishimga xalaqit bermasligini ham bilishadi. Jurnalist sifatida bu raddiya ko‘p narsani anglatmaydi. Men akkreditatsiya olganimdan beri O‘zbekiston TIV majburiyati bo‘lsada, menga birorta rasmiy bilan intervyu uyushtirishimga ko‘maklashmadi”, deb qo‘shimcha qilgan Pikulitska.
Jurnalist so‘nggi bir necha oy ichida uni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorlik bildirgan.
“So‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlovchi barcha inson huquqlari bo‘yicha guruhlar va tashkilotlarga shu ayonki, ushbu rad etish holati faqatgina O‘zbekiston o‘zgarishlarga intilmayotganligini anglatadi”, deya so‘zini yakunlagan jurnalist.
Agniyeshka Pikulitskadan qolgan xotiralar
Polshalik xalqaro mustaqil jurnalist Agniyeshka Pikulitska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya berishni rad etgani va o‘tgan yil akkreditatsiya olganidan so‘ng vazirlikdan biriktirilgan xodim unga shilqimlik qilib, o‘pishga uringanini aytib chiqqandi.
Shundan so‘ng, bu holat shov-shuvga sabab bo‘ldi. Vaziyat yuzasidan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva munosabat bildirdi va aybdor jazolanishini ta’kidladi.
Bu orada Pikulitska TIVga chaqirtirildi. Ammo tashkilotdagilar jurnalist aytayotgan xodimni tanimasligini, shuning uchun uni javobgarlikka tortish imkonsizligini aytgani haqida xabar berildi.
Oradan ko‘p o‘tmay, TIVning rasmiy bayonoti e’lon qilindi. Unda vazirlik jurnalist ayoldan uzr so‘rab, avval topilmagan “shilqim” xodim ishdan bo‘shatilganini bildirdi.
Bo‘ladigan ish bo‘lib o‘tganidan keyin O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi holat yuzasidan bayonot berdi va akkreditatsiya masalasi ijobiy hal qilinishiga umid bildirdi.
Keyinchalinhk jurnalist O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorovga oid bayonotlar bilan chiqqandi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi “niqoblangan holdagi shaxsiy adovati yoki hissiyotini bayon etayotgan mazkur jurnalist, ma’lumotlarni go‘yoki O‘zbekistonda ro‘y berayotgan “salbiy axborot” sifatida bir qator xorijiy internet-nashrlariga tarqatgan”ini qayd etib, uni asossiz ma’lumot tarqatishdan tiyilishga chaqirdi.
Pikulitska esa buni “jurnalist sifatida obro‘sizlantirishga urinish” deya baholab, vazirlikdan ommaviy kechirim so‘rashni talab qilgandi.
LiveBarchasi