O‘zbekiston Ukrainadagi fuqarolarini Polsha orqali evakuatsiya qiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Ukrainadagi fuqarolarini Polsha orqali evakuatsiya qiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Chegarani kesib o‘tish faqat O‘zbekistonning Ukraina va Polshadagi elchixonalari vakillari hamrohligida, avtobuslarda markazlashgan holda amalga oshirilishi mumkin. Boshqa barcha holatlarda siz chegarada muammoga duch kelasiz.

Ayni vaqtda evakuatsiya qilinganlar ro‘yxatini tuzishda ayollar, bolalar, talabalar va qariyalarning birinchi o‘rinda turishiga e’tibor qaratmoqchimiz.

Sizni ishontirib aytmoqchimizki, biz fuqarolarimizni xavfsiz evakuatsiya qilish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, deyiladi xabarda.

Elchixona bilan bog‘lanish uchun Ma’ruf Soliyevga murojaat qilish so‘ralgan. Telefon: (+380 96 102 10 95).

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Rossiyaning qurolli hujumlari ostida qolayotgan Ukrainada minglab o‘zbekistonlik migrantlar, talabalar va davolanishga borgan fuqarolar bor. O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi ro‘yxatga olgan o‘zbekistonliklarning rasmiy soni 4300 nafarni tashkil etmoqda. 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

113

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing