“O‘zbekiston Tolstoyning tomorqasi emas”. Bekmurodov  rossiyalik deputatning iddaolariga javob qaytardi

Jamiyat

image

Avvalroq, Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Pyotr Tolstoy sobiq Sovet ittifoqiga kirgan davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda Rossiyada ishlayotgan migrantlar hisobidan rus tilida o‘qitiladigan maktablar qurishni taklif qilgandi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov  Tolstoyning "da’vat"lariga javob qaytardi.


“O‘zbekiston deputat Pyotr Tolstoyning tomorqasi emas. U o‘z mamlakati va fuqarolarining muammolari bilan shug‘ullansin”, deydi o‘zbekistonlik deputat.

Bekmurodov O‘zbekistonda rus tili erkin muloqot tili ekanini eslatib: 
"Biz ittifoqchi mamlakat maqomiga mos ishlayapmiz. Deputat Tolstoy esa yo‘q", deya qo‘shimcha qilgan.

Shuningdek, u Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlariga o‘z mehnati va peshona teri evaziga ish beruvchilar tomonidan pul to‘lanayotganini ham eslatgan.  

“Ularning oilalariga yuborayotgan pulini taqsimlash sizning vakolatingizga kirmaydi. Rus tilida so‘zlashuvchi vatandoshlarimiz haqida esa o‘zimiz qayg‘uramiz”, degan Oliy Majlis deputati.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev Moskvaga borib, Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda Rossiya hukumatidan o‘zbek diasporasi hisobidan mamlakatda mehnat muhojirlarining farzandlari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishda yordam so‘ragandi. Shundan so‘ng, Rossiyalik deputat Mixail Delyagin mazkur tashabbus mamlakat qonunlariga mos kelmasligini aytib, O‘zbekiston Rossiyadan fuqarolarini olib ketishi kerakligini iddao qilgandi. Bunga javoban deputatning O‘zbekistondagi mavqedoshlari, jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat “Delyagincha” bo‘lsa, O‘zbekistonda ham rus tiliga munosabat butkul o‘zgarishi kerakligini aytgan,  “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa o‘zbekistonliklar halol mehnatlari evaziga o‘z oilalarini moddiy ta’minlayotganini, Rossiya ularni tekinga boqmayotganini eslatgan edi


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Bekmurodov Tolstoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing