O‘zbekiston Rossiyadan migrant bolalar uchun bog‘cha va maktablar ochishni so‘radi
Jamiyat
−
20 Oktabr 2023
7525O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Qahramon Quronboyev Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda Rossiya hukumatidan o‘zbek diasporasi hisobidan mamlakatda mehnat muhojirlarining farzandlari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishda yordam so‘radi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Sizdan Rossiya qonunchiligiga mos keladigan o‘quv dasturlari bo‘yicha (o‘zbek) vatandoshlar hisobidan maktabgacha ta’lim muassasalari va xususiy maktablar ochish masalasini ko‘rib chiqishingizni so‘raymiz”, degan Quronboyev.
Prezident maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiyada ishlab yurgan va qaramog‘ida farzandlari bo‘lgan o‘zbekistonlik ishchilar ularni bog‘cha va maktablarga joylashtirishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotgani bilan bog‘liq.
Quronboyev shuningdek, Rossiyaga kelayotgan O‘zbekiston yosh fuqarolari uchun migratsiya tartib-taomillarini soddalashtirish masalasini ham qonunchilik darajasida ko‘rib chiqishni so‘ragan. Bundan tashqari, u yoshlar parlamentlari va ikki mamlakat parlamentlarining ixtisoslashtirilgan komissiyalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishni va talabalar almashinuvi dasturlarini, shu jumladan, qurilish otryadlarini tashkil etishni taklif qilgan.
“O‘zbekiston iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ijodiy iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida Rossiya tajribasini qo‘llashdan manfaatdor. Biz o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limini rivojlantirish va uni O‘zbekistonda joriy etish uchun Rossiya tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz”, degan Prezident maslahatchisi.