Ukraina Rossiyaga “dronlar yomg‘iri” uyushtirdi
Olam
−
05 yanvar 23130 2 daqiqa
Kecha, 4 yanvar kuni 10 soat ichida Rossiya hududi uzra Ukrainaning jami 294 ta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Bu Ukrainaga tegishli dronlarning navbatdagi yirik hujumi oqibatida Lipetsk viloyatining Yelets shahridagi “Energiya” AJ korxonasida yong‘in yuz bergani va Moskva aeroportlari vaqtincha yopilgani bilan birga kechgan.
Vazirlik xabarida aytilishicha, 13:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 253 ta, 20:00 dan 23:00 gacha esa yana 41 ta dron yo‘q qilingan. Ukrainadan uchirilgan dronlarning aksariyati Bryansk va Belgorod viloyatlari ustida urib tushirilgan. Ukraina hududidan eng uzoqda joylashgan va dronlar yetib borgan hudud Vladimir viloyati bo‘lib, u yerda uchta dron yo‘q qilingan. Tver viloyati ustida esa ikki dron urib tushirilgan.
Bu 4 yanvar kuni e’lon qilingan birinchi hujum emas – Mudofaa vazirligi tushga qadar ham 140 ta ukrain droni yo‘q qilingani haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, vazirlik an’anaviy ravishda faqat urib tushirilgan dronlar haqida ma’lumot berib, yerda yuzaga kelgan oqibatlar haqida xabar bermagan. Biroq, Yelets shahri aholisi va OAV “Energiya” AJ hududidagi yong‘in aks etgan videolarni tarqatdi.
Keyinchalik Lipetsk viloyati gubernatori Igor Artamonov yong‘in “sanoat zonasida” lokalizatsiya qilinganini bildirgan va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar va jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Tarqalgan kadrlarda korxona hududidan osmonga ko‘tarilgan quyuq tutun ko‘rinadi, biroq hujum oqibatlari ochiqlanmagan. Kun davomida viloyat rahbari asosan havo xavfi rejimi joriy etilgani va bekor qilingani haqida xabarlar bilan cheklanib qolgan.
Ochiq manbalarga ko‘ra, “Energiya” AJ maishiy va umumiy sanoat texnikasi uchun kimyoviy tok manbalari, jumladan batareya va akkumulyatorlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ma’lumotga ko‘ra, korxona raketa-artilleriya majmualari, aviatsiya, harbiy-dengiz, fuqarolik daryo va dengiz floti hamda radiotexnika uchun quvvat manbalarini ham ishlab chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Ukrainada oldinga siljishi fonida rasmiylar minglab bolalar va ularning ota-onalarini front chizig‘idagi hududlardan evakuatsiya qila boshlagani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi