Rossiyadan qoching yoxud Putinning O‘zbekiston ustida buyuk rejalari bor – Hafta tahlili
Tahlil
−
04 yanvar 30705 13 daqiqa
Rossiyada o‘zbekistonlik migrant OMONning qiynoqlari oqibatida jon berdi. Prezident Putinning qarorgohiga Ukraina dronlari bilan hujum uyuushtirilgani iddao qilindi. Rossiyaning O‘zbekiston bilan bog‘liq buyuk rejalari borligi ochiq aytildi. Nyu-York meri Qur’on bilan qasamyod qilib, vazifasiga kirishdi, O‘zbekistonda esa “O‘zgidroenergo” kompaniyasi raisligini sobiq raisning o‘g‘li egalladi. Eski va yangi yilning birlashgan haftasida sodir bo‘lgan eng muhim voqealar tafsiloti Hafta voqealarining navbatdagi sonida. Kameralar qarshisida Qamariddin Shayxov va biz boshladik.
Rossiyada tojikistonlik migrant oilaning 10 yashar bolasi Qobiljon Aliyev o‘zi o‘qiydigan maktabning 9-sinfida tahsil oladigan 15 yashar o‘quvchining millatchilik ruhida sodir etgan qottiligi qurboni bo‘lgani haqida ko‘p va xo‘p gapirdik. Aslida musibat bizning boshimizga allaqachon tushib bo‘lgan ekan, faqat hech kim miq etmabdi, isini chiqarmabdi.
Qobiljonga nisbatan qotillik 2025 yilning 16 dekabr kuni sodir etilgan bo‘lsa, o‘sha yilning 12 dekabr kuni Rossiyaning Xabarovsk shahrida o‘zbekistonlik migrant, o‘zimizning samarqandlik mehnat muhojiri Rossiya kuchishlatar tuzilmalari – Maxsus maqsadli mobil blok, ya’ni OMON tomonidan amalga oshirilgan qiynoq oqibatida jon berdi. Faqat bu haqidagi xabarlar voqea sodir bo‘lganidan 20 kun o‘tib, 2 yanvar kuni ommaviy axborot vositalariga sizdirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 12 dekabr kuni Xabarovsk shahrida sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda maxsus kuchlar xodimlari kafelardan biriga bostirib kirib, u yerda bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolarga nisbatan kuch ishlatgan. Oqibatda ikki nafar fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib, koma holatiga tushgan, ulardan biri bir necha kun o‘tib vafot etgan. Ikkinchi jabrlanuvchi haqidagi ma’lumotlar esa rasman tasdiqlanmagan.
Vafot etgan fuqaro Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Jumavoy qishlog‘ida tug‘ilgani bildirilmoqda. Hozircha marhumning jasadi O‘zbekistonga olib kelinmagan. Lekin, 20 kundan beri qayerda saqlanayotgani, nima uchun hamon Rossiyada qolayotgani, unga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan yo tayinlanmagani, agar tayinlangan bo‘lsa, natijalari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Hatto, huquq-tartibot organlari o‘lim holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan yo qo‘zg‘atmagani ham noma’lum. Bir odam ishlash uchun sovuq rus o‘lkasiga borib, o‘lib ketyapti, lekin hamma jim.
Tashqi ishlar vazirligi esa toki o‘zbekistonlikning vafoti bilan bog‘liq xabarlar ommaviy axborot vositalarida tarqalmaguncha, ya’ni 20 kun davomida mum tishlab o‘tirdi. Migratsiya agentligini-ku aytmay qo‘ya-qolaylik, doimgidek chuqur sukutda, hatto, xabarlar tarqalgandan keyin ham bu bo‘yicha biror izoh bermadi, bosh irg‘ab ham qo‘ymadi.
Vazirlik esa Bosh konsulxona marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur konsullik va amaliy yordam ko‘rsatayotganini aytib chiqdi. Jasadni Vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilayotgani aytildi.
“Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Xabarovsk o‘lkasi Prokuraturasi, Tergov boshqarmasi hamda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Xabarovsk o‘lkasidagi vakolatxonasiga notalar yuborilib, holatni har tomonlama xolisona va qonuniy tartibda o‘rganish so‘raldi.
Ayni paytda fuqaroning vafot etish sabablari bo‘yicha rasman tasdiqlangan ma’lumot mavjud emas. Tegishli idoralardan aniq ma’lumotlar kelib tushishi bilan jamoatchilikka qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi Ahror Burxonovning bayonotida.
Ahror Burhonovga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tilga olingan ikkinchi fuqaro haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmagan. U O‘zbekiston diplomatlari xorijdagi har bir fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilishni ustuvor vazifa deb bilishini qayd etgan.
O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining 2025 yil oktyabr oyida bergan ma’lumotlariga ishonilsa, 1,3 milliondan ortiq o‘zbekistonlik Rossiyada mehnat migranti maqomini olgan. Biroq norasmiy ma’lumotlarda O‘zbekistonning ro‘zg‘or dardida xorijga chiqib ketgan fuqarolari 3 milliondan ortiqligi, Rossiyada esa 2 milliondan ko‘p o‘zbekistonlik ishlayotgani aytiladi. Tashqi ishlar vazirligining 2025 iyun oyida bergan ma’lumotida esa Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni 1 milliondan kamroq. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov esa Rossiyada o‘zbekistonlikning o‘ldirilishi bo‘yicha munosabat bildirib, o‘zbekistonliklarni Rossiya Federatsiyani tark etishga chaqirdi.
“Ishoning, vaziyat oy sayin faqat yomonlashadi. Rus maxsus xizmatlari Markaziy Osiyoliklarni Rossiyada kutilayotgan notinchliklarning faol ishtirokchisi sifatida taxmin qilmoqda, shu sababli ulardan keladigan foydadan allaqachon kechib bo‘lingan. Aqlingizni ishlating, Rossiyadan tezroq keting! Hech qanday daromad ota-onalar va farzandlaringizning ko‘z yoshiga arzimaydi!” deydi Alisher Qodirov.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Gap inson hayoti, bir emas, minglab odamlar taqdiri haqida bormoqda. Birgina o‘lim vaziyatning asl yuzini ifoda eta olmasligi mumkin, ammo ko‘p narsa haqida ishora bera oladi. Shunday vaziyatda O‘zbekistondan Rossiyaga Tashqi ishlar vazirligi darajasida emas, balki konsulxona darajasida nota yuborilishi qanchalik to‘g‘ri? Tojikiston Qobiljonning o‘limi ortidan Tashqi ishlar vazirligi darajasida nota yubordi. Rossiyaning Dushanbedagi elchisi vazirlikka chaqirildi. Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevga qo‘ng‘iroq qilib, qotillikni jiddiy tekshirishni talab qildi. Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu Tojikiston Xavfsizlik Kengashi kotibi Yusuf Rahmon bilan bog‘lanib, tekshiruvni nazoratga olganini bildirdi. Oxirida g‘amgusor qarashlar, ux tortishlar va bitta ta’ziya bilan qutulingan bo‘lsa-da, nimalardir qilindi hisob. Qani O‘zbekistonda bu jasorat? Nega loaqal Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi TIVga chaqirilmayapti. U kishim bayramni nishonlash, tabrik yo‘llash va Rossiyaning O‘zbekiston bilan bog‘liq ulkan rejalari haqida mujda berish bilan band. Bu masalaga birozdan keyin to‘xtalamiz.
Rossiya Ukraina hududlariga qurolli bosqinni boshlaganining to‘rtinchi yili to‘lishiga ikki oy qolganda va shu kunlarda Ukrainaga tinchlik kafolati masalasi muhokamada bo‘lib turgan bir paytda Federatsiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 29 dekabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari 91 ta dron bilan Prezident Vladimir Putinning Novgorod viloyatidagi davlat rezidensiyasiga hujum qilishgani haqida bong urdi. Ammo, na qurbon bor, na iz, na isbot... Oradan bir hafta o‘tdi hamki, Rossiya maxsus xizmatlari ham, bu haqda xabar bergan Lavrovning o‘zi ham hujumga oid faktlarni e’lon qilgani yo‘q.
Lavrovning aytishicha, ushbu hujumni inobatga olgan holda Rossiyaning tinchlik muzokaralaridagi pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi, biroq Moskva AQSH bilan muzokaralar jarayonidan chiqish niyatida emas.
Voqea tafsilotlarining qiziq tomoni shundaki, hujum vaqtida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHning Florida shtatida joylashgan Mar-a-Lago qarorgohida mavqedoshi Donald Tramp bilan Tinchlik muzokaralarini muhokama qilayotgandi.
Muzokaralar tugagach, hujumdan “xabar topgan” Vladimir Zelenskiy Lavrovning bayonotini yolg‘on deb atab, buni Rossiyaning Kiyevdagi hukumat kvartaliga zarba berish rejalari bilan bog‘ladi. Ukraina Prezidentining fikricha, Moskva bunday bayonotlar orqali Kiyev va Vashington o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida erishilgan ilgarilashni izdan chiqarishga urinmoqda. U Donald Trampni Rossiya tahdidlariga munosib javob berishga chaqirdi.
31 dekabr kuni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi vaziyatga oydinlik kiritdi. Razvedka boshqarmasiga ko‘ra, Ukraina maxsus kuchlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyati – Valdaydagi qarorgohiga hujum qilishga urinmagan. MRB xulosasiga ko‘ra, 29 dekabrga o‘tar kechasi ukrain dronlari Putinning qarorgohi joylashgan hudud bilan bir mintaqadagi harbiy ob’ektga zarba berishga uringan, biroq ushbu ob’ekt qarorgohga yaqin joylashmagan. AQSH razvedkasi Rossiya havo hududiga uyushtirilayotgan hujumlarni sun’iy yo‘ldoshlar va radarlar orqali kuzatish imkoniyatiga ega. MRB direktori Jon Retkliff razvedka xulosalarini AQSH Prezidenti Donald Trampga yetkazgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida “New York Post” gazetasining tahliliy maqolasiga havola e’lon qildi. Unda Ukraina Putinning qarorgohiga zarba bermagani aytilgan.
Rossiya Prezidentining qarorgohiga qilingan hujum haqidagi da’volarida qat’iy turmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi Amerika tomonga navigatsion kontroller taqdim etdi va u Novgorod viloyatida Putinning qarorgohiga uchib kelgan Ukrain dronidan olinganini da’vo qildi. Iddaoga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan shifrni ochish ishlari “bahs-munozarasiz va aniq” tarzda hujumning nishoni aynan Putinning Valdaydagi qarorgohi bo‘lganini tasdiqlagan.
30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Rossiya Prezidentining Nijniy Novgorod viloyatidagi qarorgohiga hujum qilishga urinishni qat’iy qoralagan. Bunday xatti-harakatlar barqarorlik va xavfsizlikka, shu jumladan uzoq muddatli tinchlikka erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarga tahdid solishi ta’kidlangan.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Rossiya rahbariyatining O‘zbekiston bilan bog‘liq ulkan rejalari bor. Bulardan biri – O‘zbekistonda hayot sifatini yaxshilash. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov o‘zining Yangi yil tabrigida aytib o‘tdi.
“Prezidentlar Vladimir Vladimirovich Putin va Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘rtasidagi ishonchli, ochiq va konstruktiv muloqot yutuqlar va istiqbollar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bu Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarining barcha sohalari uchun strategik yo‘nalish va yuqori sur’atni belgilaydi”, deyiladi tabrikda.
Elchiga ko‘ra, 2025 yil Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda boy va samarali davr bo‘lgan, mamlakatlar strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishgan.
Shuningdek, intensiv delegatsiya almashinuvlari ikki tomonlama kun tartibini Rossiya va O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga qaratilgan aniq mazmun bilan to‘ldirish imkonini bergan.
“Bizning oldinda ulkan rejalarimiz bor – hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, mintaqalararo aloqalarni kengaytirish, iqtisodiy o‘sish, texnologik rivojlanish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish va hayot sifatini yaxshilash”, deydi diplomat.
AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik ham O‘zbekiston xalqini Yangi yil bilan tabrikladi. Uning tabrigidagi Rossiya elchisinikidan eng katta farq, tilaklar o‘zbek tilida bo‘lgani va elchixonaning boshqa xodimlari ham elchiga sherik bo‘lib, o‘zbek tilida tabrik yo‘llagani.
Haqiqatan ham, O‘zbekiston va AQSH munosabatlari tarixda ilk bor misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi. Kuni kecha AQSH Prezidenti Donald Trampning o‘zi Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilib, uni Yangi yil bilan tabriklagandi. Prezidentlar O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgandi. 2026 yilda Shavkat Mirziyoyev Trampning taklifiga binoan Mayamida bo‘lib o‘tadigan katta yigirmatalik davlatlari rahbarlarining sammitida ishtirok etishi kutilmoqda.
2025 yilning birinchi yarmida AQSHdan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2024 yilga nisbatan 10,3 foizga oshgan. O‘zbekiston AQSH tomonidan joriy etilgan yangi qat’iy viza cheklovlari ro‘yxatiga kiritilmagan, bu esa fuqarolar uchun kirish imkoniyatlarini saqlab qolmoqda, ammo bu o‘ta murakkab.
2026 yil 1 yanvardan O‘zbekiston AQSH fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim kuchga kirdi. Bunga javoban AQSHdan o‘zbekistonliklar uchun viza muddatini 10 yilgacha uzaytirish taklif qilingan. Ammo, hozircha quvonarli natija yo‘q.
Nyu-Yorkning o‘sha tilga tushgan meri, 2025 yilda saylovlarda g‘olib bo‘lib, 1 yanvardan lavozimiga to‘laligicha kirishgan Zohran Mamdani Qur’onga qo‘l qo‘ygan holda qasamyod qildi.
Eng e’tiborli jihati, marosim Yangi yilning dastlabki daqiqalarida 1945 yilda yopilgan Manxettendagi City Hall metro bekatida bo‘lib o‘tdi. Mamdanining jamoasi bu manzilni bejiz tanlanmagan, mer bu orqali oddiy ishchi odamlarga yaqinligiga ishora berishni istagan.
Nyu-York shahar merlari qonun bo‘yicha biron bir diniy matnga qasamyod qilishlari shart emas, ammo ilgari aksariyati Muqaddas Kitoblarni tutgancha, qasamyod qilgan. Mamdani Qur’on bilan qasamyod qilgan birinchi Nyu-York meri bo‘ldi. U uchta nusxadan foydalangan: bobosiga tegishli Qur’on, yozuvchi Arturo Shomburg to‘plamidan Nyu-York jamoat kutubxonasiga taqdim etilgan Qur’on hamda bobosi va buvisiga tegishli oilaviy meros Qur’on.
Nyu-York shahrining 111-meri uchun saylovlar 2025 yilning 4 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Demokratik partiya va Ishchi oilalar partiyasi tomonidan nomzod qilib ko‘rsatilgan Zohran Mamdani 50,3% ovoz oldi. Ikkinchi o‘rinni AQSH Prezidenti Donald Tramp saylovchilarni ovoz berishga chaqirgan va shaharni moliyalashtirishni qisqartirish bilan tahdid qilgan mustaqil nomzod Endryu Kuomo egalladi. Kuomo 2011 yildan 2021 yilgacha Nyu-York gubernatori bo‘lib ishlagan, ammo jinsiy zo‘ravonlik ayblovlaridan keyin iste’foga chiqqan va keyin demokratlar partiyasining dastlabki saylovlarida Mamdaniga yutqazgandi.
34 yoshli Mamdani saylovchilarga bepul va tezkor avtobuslar joriy etish, munitsipal oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ini yaratish, umumiy maktabgacha ta’limni yo‘lga qo‘yish hamda ijara haqi tartibga solingan kvartiralarda yashovchi qariyb 2 million shahar aholisi uchun ijara to‘lovlarini muzlatib qo‘yishni va’da qilgan. Mamdani Nyu-York tarixida musulmon bo‘lgan va kelib chiqishi janubiy osiyolik ilk siyosatchi sifatida mer lavozimini egalladi.
Mamlakat Prezidenti Donald Tramp Zohran Mamdanini “kommunistik jinni” va “vaqti kelib yuz beradigan falokat” deb atagandi. Mamdanining o‘zi esa shahar manfaatlari yo‘lida Tramp bilan hamkorlik qilishga urinishi, biroq o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan. Keyinroq Zohran Mamdani Oq uyning Oval kabinetida Donald Tramp bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Tramp bir necha bor Mamdanining qo‘lini do‘stona ushlab, uni yelkasidan qoqib turgan.
Shuni eslatish o‘rinliki, Mamdani saylaniboq o‘zbekistonliklarning tiliga tushgan mer bo‘ldi. U 5 noyabr kuni g‘alaba nutqida o‘zbek hamshiralariga minnatdorlik bildirdi.
Endi O‘zbekistonda korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarga himoya orderi beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil yakunida imzolagan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida aytilgan.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi.
Korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari o‘rtasida tezkor ma’lumot almashish, Dasturiy kompleksning “E-Komplaens” modulini ishga tushirish orqali korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini to‘liq raqamlashtirish uning asosiy vazifasi sanaladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlari markaziy apparatining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalariga tizim tashkilotlariga qonun buzilishi holatlarini oldini olish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma va ularni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritish huquqi beriladi.
Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni mehnat faoliyatida ta’qib, tazyiq holatlaridan himoya qilish maqsadida, Agentlik tomonidan himoya orderini taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
2025 yilning 17 dekabr kuni Bahodirjon Siddiqov “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi lavozimidan ketib, uning o‘rnini 2017 yildan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini boshqarib kelayotgan Abdug‘ani Sanginov egallagan edi.
Xo‘sh, Abdug‘ani akadan “O‘zbekgidroenergo”dagi bo‘shagan o‘ringa kim o‘tirdi, deb o‘ylaysiz? Islom Abdug‘aniyevich! Bu ism sizga O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovni eslatayotgan bo‘lsa, ajab emas. Lekin, gap Karimov haqida emas, Islom Abdug‘aniyevich Abdurahmonov haqida bormoqda.
Gap shundaki, Islom Abdug‘aniyevich Abdurahmonov “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga tayinlandi. Tugayotgan haftada Islom Abdurahmonov aksiyadorlik jamiyatining sobiq rahbari Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li ekani haqidagi ma’lumotlar o‘rtaga chiqdi va rad etilmadi. Bundan ko‘rinadiki, ot izini toy bosar deganlaridek, Sanginovdan bo‘shagan o‘ringa uning o‘g‘li o‘tirgan.
Eng qizig‘i, Islom Abdurahmonov 2020 yil may oyida fojia yuz vergan Sardoba suv omborini qurishda qatnashgan kompaniyalardan birining asosiy ulushdori hisoblanadi. Xususan, korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, “To’palang HPD Holding”ning 61,7 foiz ulush Islom Abdurahmonovga tegishli. Hatto, “O‘zgidroenergo” saytida ham Abdurahmonov 2018 yildan 2025 yilgacha “To’palang HPD Holding” MCHJ Bosh direktori lavozimida ishlagani yozilgan.
Live
Barchasi