O‘zbekiston temiryo‘lini tanqid qilgan bloger Rossiyada sirtdan hibsga olindi

Olam

image
Rossiyada Putin Gitlerga o‘xshatilgan memlar taqiqlandi north_east

Rossiyada Putin Gitlerga o‘xshatilgan memlar taqiqlandi

Moskvaning Meshanskiy tuman sudi rossiyalik bloger Ilya Varlamovni siyosiy nafrat asosida Rossiya Qurolli kuchlari haqidagi “soxta” ma’lumotlarni ommaviy ravishda tarqatish va “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi Rossiya qonunchiligida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlashda aybdor deb topib, uni sirtdan 8 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi. Bu haqda bugun, 14 avgust kuni Rossiya poytaxti umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, Varlamov 99,5 million rubl miqdorida jarimaga tortildi. “Mediazona” internet nashrining yozishicha, bu summa Varlamovning 2023 yildagi daromadiga teng. Prokuror blogerni 8 yil qamoq va 99 million rubl miqdorida jarimaga hukm qilishni so‘ragandi.

“Mediazona”ning ayblov xulosasiga tayanib xabar berishicha, Varlamovga nisbatan YouTube'da 2023 yil 23 noyabrda e’lon qilingan hamda Odessa va Krivoy Rogni rus qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilishiga bag‘ishlangan videolavha tufayli Rossiya armiyasi haqidagi “soxta” ma’lumot tarqatish moddasi bo‘yicha ish ochilgan. Shu bilan birga, Varlamovning “xorijiy agent” sifatidagi o‘z vazifalarini bajarmagani haqidagi da’volar bor. Bu qonunbuzilishini “bir necha marta, ya’ni 19 marta” qilgan.

Ilya Varlamov Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan keyin Rossiyani tark etdi. 2023 yil mart oyida Rossiya Adliya vazirligi uni “xorijiy agent” deb e’lon qildi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, bunga u tarqatgan boshqa “xorijiy agentlar”, xususan, “Dojd” telekanali va “Mediazona” portali bosh muharriri Sergey Smirnovning nashrlari sabab bo‘lgan.

O‘sha yilning avgust oyida Moskvaning Meshanskiy tuman sudi Ilya Varlamovni postlarida “xorijiy agent” deb belgilamagani uchun 30 ming rubl, dekabrda esa yana 50 ming rubl miqdorida jarimaga tortdi. 2024 yil may oyida Varlamovga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarini “obro‘sizlantirish” uchun ma’muriy bayonnoma tuzildi. 2024 yilning noyabrida Varlamovga nisbatan “xorijiy agent” sifatidagi vazifalarini bajarishdan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilinib, jinoiy ish ochildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda bloger Ilya Varlamov Samarqanddan Toshkentga qatnaydigan poyezddagi sharoitni tanqid qilib chiqqandi. U poyezddagi sharoitlarni ko‘zdan kechirib, sharoit to‘langan pulga arzimasligini aytib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Moskva Il'ya Varlamov xorijiy agent Rossiya Qurolli kuchlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing