O‘zbekiston poyezdidagi sharoitni tanqid qilgan blogerga prokuratura 8 yil so‘radi

Olam

image

Moskvaning Meshanskiy tuman sudi prokurori rossiyalik bloger Ilya Varlamovga mamlakat armiyasi haqida soxta ma’lumot tarqatish ishi bo‘yicha 8 yil koloniyada saqlash hamda 99 million rubl jarima jazosini so‘radi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Meshanskiy sudi ishni masofadan turib ko‘rgan, chunki Varlamov Rossiya hududida emas. U xalqaro qidiruvga berilgan va masofadan turib hibsga olingan.

Varlamovga Rossiya qonunchiligidagi xorijiy agentlarga oid majburiyatlarni bajarmaslik hamda siyosiy nafrat bilan Rossiya Qurolli kuchlari haqida ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatish ayblovi qo‘yilgan.

Prokuraturaga ko‘ra, Varlamov bir yil ichida ikki marta xorijiy agent faoliyati tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan, biroq qonunchilik talablariga zid ravishda xorijiy agent maqomini ko‘rsatmasdan ma’lumot tarqatishda davom etgan.

Rossiya Adliya vazirligi 2023 yilning mart oyida blogerni xorijiy agentlar reyestriga kiritgan. Varlamov bu qarorga rozi bo‘lmay, sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan va Adliya vazirligi harakatlarini noqonuniy, deb topishni talab qilgan. Sud uning talabini rad etgan, keyin apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari qarorni tasdiqlagan. Keyinchalik u Rossiya Oliy sudiga murojaat qilgan, biroq uning shikoyatini ko‘rib chiqish rad etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda bloger Ilya Varlamov Samarqanddan Toshkentga qatnaydigan poyezddagi sharoitni tanqid qilib chiqqandi. U poyezddagi sharoitlarni ko‘zdan kechirib, sharoit to‘langan pulga arzimasligini aytib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Il'ya Varlamov Meshanskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing