O‘zbek-tojik chegarasiga hujum qilganlar borasida ikkilanish yuzaga keldi

Olam 8504
image

Avvalroq, 6 noyabr kuni soat 3:23 da yuziga niqob taqqan 20 nafar qurollangan jangarilar Tojikistonning “Sultonobod” chegara otryadi harbiy qismiga qarashli 4-“Ishqobod” chegara punktiga qurolli hujum uyushtirgani haqida xabar bergan edik.

Keyinroq Tojikiston Milliy xavfsizlik xizmati hujumni ISHID terrorchilik guruhi jangarilari amalga oshirganini ma’lum qildi.

Afg‘oniston kuch tuzilmalari 6 noyabr kuni Tojikistondagi chegara zastavasiga hujum qilgan jangarilar afg‘on-tojik chegarasidan o‘tmaganini ma’lum qildi. Bu haqda “Nezavisimaya gazeta” Afg‘oniston kuch tuzilmalari vakiliga tayangan holda xabar berdi.

Afg‘on mutasaddilarining aytishicha, terrorchilar guruhining izini Afg‘onistondan boshqa joyda izlash kerak.

Tojik-o‘zbek chegarasi yaqinidagi “Ishqobod” chegara zastavasiga hujum qilgan 20 nafar niqobli kishi ISHID jangarilari bo‘lganini Tojikiston milliy xavfsizlik qo‘mitasi ma’lum qildi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, jangarilar Tojikistonga qo‘shni Afg‘onistondan o‘tgan. Jangarilar bilan to‘qnashuvda ulardan 15 nafari o‘ldirilgan, 5 nafari qo‘lga olingan. Bir chegarachi va bir militsioner halok bo‘lgan.

Biroq afg‘onistonlik mutasaddilar jangarilar o‘tgani aytilgan Qal’ai Zol uyezdi (Qunduz viloyati)da chegara har ikki tomondan ham yaxshi qo‘riqlanishini aytgan. Ularning ta’kidlashicha, chegaradan yigirma kishi tugul bir kishi o‘tsa ham, chegarachilarning nazaridan chetda qolmaydi. Bundan tashqari, Qal’ai Zoldagi chegara uchastkasi noqonuniy kesib o‘tish uchun juda noqulay: narigi tomonga o‘tish uchun Panj daryosini kechib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Bu esa yigirma kishilik guruh uchun o‘ta mushkul ish.

Eslatib o‘tamiz, chegara zastavasiga hujumda 17 kishi halok bo‘ldi. Shundan 15 nafari jangarilar, bir nafari askar va yana biri Tojikiston IIV xodimi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 343
Reyting: 2.9
t
×