O‘ynashmagin arbob bilan... SSV “Star Med Center” faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi
Jamiyat
−
14 mart 2023
18371“Mittivine” taxallusi bilan faoliyat yuritgan bloger Farhod Mannopovning o‘ligi chiqqan “Star Med Center” bugun, 14 martdan e’tiboran faoliyatini 10 kunga to‘xtatdi. Mazkur tibbiyot muassasasida bir qator litsenziya talab va shartlariga nomuvofiqliklar aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
"Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatli organ sifatida tibbiy faoliyat uchun litsenziya berish jarayonini tashkil etishda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida belgilangan prinsiplarga, xususan, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini saqlashning, jamoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligiga amal qilgan holda litsenziatlar tomonidan litsenziya talablariga to‘liq muvofiqlik ta’minlanishini nazorat qiladi.
Shundan kelib chiqqan holda ayni paytda vazirlik tegishli organlar bilan birgalikda fuqaro Farhod Mannopov vafoti yuzasidan poytaxtimizdagi “Star Med Center” klinikasida o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Dastlabki tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tibbiyot muassasasida bir qator litsenziya talab va shartlariga nomuvofiqliklar aniqlangan.
Shu bois Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizom”ning 40-bandiga asoslanib, vazirlikning joriy yil 11 martdagi 33-06795-sonli qarori bilan “OMAD PLYUS” MCHJga 2021 yil 16 fevralda tibbiy faoliyat uchun berilgan 27390032-sonli litsenziya talablari va shartlari buzilganligi hamda kelgusida salbiy oqibatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida vaqtincha to‘xtatilgan.
Bu haqdagi ma’lumot esa vazirlikning 33-06793-sonli xati bilan shu yil 11 mart kuni mazkur klinikaning elektron shaxsiy kabineti va telefon raqamiga SMS orqali yuborilgan. Qolaversa, 13 mart kuni tegishli hujjatlar qog‘oz shaklida takroran klinikaning pochta va faoliyat manziliga jo‘natilgan”, deyiladi SSV xabarida.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligining mazkur reyestrida ham ushbu tashkilotning litsenziyasi to‘xtatilganligini ko‘rish mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli qarori bilan “OMAD PLYUS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli ushbu xususiy tibbiyot muassasasi bugun, 14 mart kunidan boshlab, 10 kun muddatga o‘z faoliyatini to‘xtatganini vazirlikka ma’lum qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yilning 11 mart kuni QALAMPIR.UZ'ga “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov o‘limi yuzasidan ma’lumot berib, Mannopovning o‘ligi chiqqan “Star Med Center” klinikasi ustidan tekshiruv boshlangani va klinika faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini bildirdi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, “Star Med Center” klinikasi instagramdagi sahifasi orqali tibbiyot muassasasi faoliyati to‘xtamagani, tarqalgan xabarlar yolg‘onligini aytib chiqdi. QALAMPIR.UZ surishtiruvini davom ettirib, klinika faoliyati to‘xtamay davom etayotganini aniqladi, ma’muriyat esa SSVning faoliyatni to‘xtatish haqidagi xati yetib kelmaganini vaj qilib ko‘rsatdi.
LiveBarchasi