Mannopovning o‘limiga Sog‘liqni saqlash vazirligi aybdormi? 

3-sahifa

2023 yilning 5 mart kuni “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etgan edi. U bir necha kun avval do‘stlari bilan basseynda suzayotgan vaqtida boshi va burnidan jarohat olgan. Shu sabab u burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan “Star Med Center” xususiy klinikasiga murojaat qilgan va shifoxonada vafot etgan. 

Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida 2023 yilning 18 oktyabr kuni boshlangan sudning navbatdagi majlisi bugun, 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi va unda Mannopovni operatsiya qilgan shifokorlarga sud hukmi o‘qildi. 

“Star Med Center” xususiy klinikasi otolaringologi (LOR) A.H. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga Jinoyat kodeksining 45-moddasini (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llagan holda 2 yil tibbiyot sohasida tegishliligi bo‘yicha otolaringolog va anesteziolog-reanimatolog vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlansin. “Omad Plyus” MCHJga qarashli “Star Med Center” xususiy klinikasida anesteziolog-reanimatolog vazifasida ishlagan J.Q.ga Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida o‘tash uchun 2 yil tibbiyot sohasida anesteziolog-reanimatolog shifokor vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 6 oy 27 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilansin”, deyiladi sud hukmida.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq, A.X. va J.Q. Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, oqlandi. Ma’lumot uchun,  Bosh prokuratura Mannopov ishi bo‘yicha holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish,  ko‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligini aytgan edi. Shu sababli ham Mannopovning sudi bir yildan oshiq davom etgan. Bu vaqt davomida esa qayta va qayta ekspertiza tekshiruvlari o‘tkazilib, ularda shifokorlarning aybi yo‘qligi ma’lum qilingan. Shu sababli ham shifokorlar sud hukmidan norozi bo‘lmoqda.

“Albatta, bizda bemorlar oddiy jarrohlik amaliyotiga kirishdan oldin narkoz amaliyotini tanlaydi. Bu amaliyotni amalga oshirgandan keyin esa inson narkozga nisbatan har xil reaksiyada bo‘lishi mumkin. Biz buni oldindan analiz qilolmaymiz. Bu holatda bemorning harorati narkoz ta’sirida 43 gradusga ko‘tarilgan edi. Bemor qaynadi. Bizga haroratni tushirish uchun esa hech qanday preparat yordam berolmaydi. Bu yomon sifatli gipertemiya bo‘lib, bu gipertemiyada yagona ishlatiladigan vosita – “Dantrolen” preparati hisoblanadi. Agar shu antibiotik bemorga qo‘llanilsa, uning hayotini saqlab qolish imkoniyati bor bo‘ladi. Agar shu holatda bu preparat ishlatilmasa, 95 % odamlarda o‘lim holati kuzatiladi. Ming afsuski, bugungi kunda O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi hozirgi kunda ham bu preparatni ro‘yxatdan o‘tkazmagan. O‘zbekistonda bunday preparatdan foydalanish taqiqlangan. Ammo Rossiyada 2022 yildayoq dorini ro‘yxatdan o‘tkazgan edi.  Bunday holatda boshqa anesteziolog ham bu bemorni saqlab qololmasdi. Sud ishi bo‘yicha naq 4 marta ekspertiza tekshiruvi o‘tkazilgan va ekspertizada  yomon holatli gipertomiya kelib chiqqani tasdiqlangan.  Afsuski, bugun bu xulosa sudda hech qanaqa inobatga olinmadi va biz bundan norozimiz”, demoqda ayblanuvchi Alijon Hisonov.

Sud hukmidan norozi shifokorning ma’lum qilishicha, u bu yo‘nalish bo‘yicha yetarlicha tajribaga ega. Bunday turdagi operatsiyalarni esa qayta va qayta amalga oshirgan. Shu sababli ham u Mannopovning operatsiyasida tajribasizlik qilganiga ishonmaydi.

“Salkam 20 ga yaqin, aniqrog‘i 19 yildan beri shifokor bo‘lib ishlayapman. Hozirgi kunga qadar 7 mingdan oshiq bemorlarni operatsiya qilganman. O‘lim holati kuzatilmagan, 7 mingdan oshiq operatsiyalarni qilgan bo‘lsam-da, bunday holatni birinchi marta ko‘rishim. Statistikaga ko‘ra, bu oltmish ming kishidan bir kishida bo‘ladi.

Men 2012 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlarining to‘rtta universitetida malaka oshirib kelganman. Birinchisi, Garvard universiteti va katta klinikasi. Ikkinchi joy Chikagodagi universitet, uchinchisi esa Stenford universitetida malaka oshirib kelganman. 2013 yilga kelib, yana Amerikaga borib, Korn universitetida malaka oshirib kelganman. 

Bundan tashqari, 2015 yil Avstriyaning Vena shahrida aynan burun va bo‘yin bo‘yicha malaka oshirib kelganman. O‘sha Amerikada qilinadigan operatsiyalarni hozirgi kunda O‘zbekistonda tatbiq etganman. Shunday qilib, rinoplastika bo‘yicha yetarlicha tajribam bor”, dedi Hisonov.

Shu sababli ham shifokor Mannopov bilan bog‘liq holat operatsiya jarayonlarida kamdan-kam kuzatilishi, buni oldindan aniqlash imkoni yo‘qligi bois asosiy aybdor sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligini ko‘rsatmoqda.

“Agar vazirlik bu preparatni ertaroq O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazmasa, Mannopovdan boshqalar ham o‘lishi mumkin. Mendek boshqa shifokorlar ham aybsiz jazolanishi mumkin”, dedi u.

Ayblanuvchilarning advokati Abdumalik Abdullayev esa sud blogerlar ta’siri ostida hukm chiqarganini aytmoqda. 

“Ish bo‘yicha butun klinikada o‘ndan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha turli tekshiruvlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, ellikdan ortiq malakali mutaxassis va ekspertlar jalb qilindi. Ularning birortasi sud tergoviga kelib, “shifokor mana shu xatoga yo‘l qo‘ydi” deb ko‘rsatuv bermadi. Tasavvur qilyapsizmi, sudda bir yildan oshiq savol-javoblar qildik. Jinoyat hujjatlari bo‘yicha tibbiy hujjatlar bo‘yicha ekspertiza o‘tkazildi. Juda ham qizg‘in tortishuv bo‘ldi shu sudda. Ularning ko‘rsatmasi bo‘yicha “shu aybdor yoki ana shu ishni chala qildi, shu xatoga yo‘l qo‘ydi” deb ko‘rsatma bergan odam yo‘q. Ammo prokuror naq ikki marta qayta va qayta tergovni qaytardi. Xuddi atayin ayb topmoqchidek. Bu mening amaliyotimda birinchi marta sodir bo‘lishi”, dedi advokat Abdullayev.

Shunday qilib, Farhod Mannopovning bir yil davom etgan sud ishi yakuniga yetdi. Ammo bu so‘nggi  instansiya bo‘lmasligi mumkin. Sudlanuvchilarning advokatlari sud hukmidan norozi bo‘lib, sudga qayta shikoyat kiritishlarini aytishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Farhod Mannopov Star med center

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing