Toshkentdan Sirdaryoga korxonasini ko‘chiradiganlarga yer chegirma bilan beriladi

Jamiyat

image

Toshkent shahridagi korxonasini Sirdaryoga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taklif etiladi. Bu haqda bugun, 4 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tayotgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi. 

Toshkent shahridagi sanoat korxonalari bosqichma-bosqich poytaxtdan tashqariga ko‘chirilmoqda. Ularning ko‘pchiligi mehnat resursi, infratuzilmasi bor, yer-mulk solig‘i arzonroq bo‘lgan joylarni izlamoqda. 

Bu borada Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasida bo‘sh turgan yerlarga poytaxtdagi mavjud quvvatlarni joylashtirish uchun juda katta imkoniyat borligi ta’kidlandi. Shu bois, Toshkent shahridagi korxonasini Sirdaryoga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taklif etiladi. 

Ularga 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Xomashyoni temiryo‘l orqali tashishda arzonlashtirilgan tariflar qo‘llanadi.

Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan 1 ming 140 ta sanoat korxonasidan 129 tasi past quvvatda ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu korxonalar butlovchi va ehtiyot qismni asosan chetdan yoki respublikaning boshqa hududidan olib kelayotgani uchun tannarx bo‘yicha raqobatlasha olmayapti. 

Agar butlovchi va ehtiyot qismlar hududning o‘zida ishlab chiqarilib, kooperatsiya yo‘lga qo‘yilsa, tannarxni bemalol 10 foizgacha kamaytirish mumkinligi qayd etildi. Shu bois, “Farovon” kichik sanoat zonasiga tutash 200 gektarda butlovchi qismlar ishlab chiqarish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu hudud temiryo‘l bo‘yida joylashgani, elektr tarmog‘i o‘tgani uchun infratuzilmaga qo‘shimcha mablag‘ talab qilinmaydi. Viloyat hokimligiga bu yerda 800 million dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini boshlash topshirildi.

Viloyatdagi o‘rta va yirik korxonalarning aksariyati Sirdaryo, Guliston, Sayxunobod, Mirzaobod tumanlari va Guliston shahriga to‘g‘ri keladi. Mazkur korxonalarni elektr bilan ta’minlaydigan “Feruz” podstansiyasining quvvati 2 karra oshirilsa, tadbirkorlar yana 200 million dollarlik yangi loyihalarni qilish tashabbusini bildirgan. 

Mutasaddilarga ushbu podstansiyada 2 ta 250 megavattli transformator o‘rnatib, quvvatini oshirish topshirildi. Umuman, sanoatdagi imkoniyatlardan foydalanib, viloyatda 25 ming yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, ishlab chiqarishda kamida 7 foiz o‘sishga erishib, 30 trillion so‘mga yetkazish zarurligi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Shavkat Mirziyoev Sirdaryo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing