Yiqilganda yer tishlaganlar. Hafta tahlili
Tahlil
−
30 noyabr 2024
6999Eshitgan bo‘lishingiz aniq: Qo‘qonda bir odam chiqqanmish. O‘laman deb yer bag‘irlab yotgan erkagu ayolga bir teginsa, haligi o‘zini kasalga solib yotganlar dikonglab yugurib ketayotganmish. Kamiga bunga Toshkentdagi qaysi bir klinika ham sherikmish. O‘lay deb yotgan bemorni reanimobilga solib, Toshkentda doktorga qiron kelgandek Qo‘qonga olib borayotganmish. Ha, oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ichmaysanmi, bemorni Qo‘qonga olib boribsan, nega mashina raqamini berkitib qo‘yding. Yo kelishuv shunday bo‘lganmidi?! Men sizga aytsam, shunaqa odamlarmiz: shifokorlarni do‘pposlaymiz, kuf-suf qilib, yelkamizni qoqib qo‘yganlarning eshigi ostida sarsonu sargardonmiz.
Allamjonovga suiqasd ortidan bir necha amaldor lavozimidan ozod etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd tevaragidagi ishlar kundan kunga avj olmoqda. O‘tgan hafta oxiri va joriy haftada odamlar tilidan Allamjonov va unga suiqasd ortidan lavozimidan ozod etilganlar, qo‘lga olinganlar nomi tushmadi. Suiqasdga urinishdan qariyb bir oy o‘tib, qotillikka urinishda aloqadorlikda gumonlangan O‘zbekiston fuqarosi Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy axborot yoyinladi. Biroq bugungacha mamlakatdagi biror huquq-tartibot idorasi Javlon Yunusovning qidiruvga berilganini e’lon qilmagan edi. Yunusov qanday shaklda va qaysi xizmatlar orqali ushlangani esa hozircha noma’lum.
Bosh prokuraturaning bildirishicha, tergov harakatlari davomida hodisa sodir bo‘lgan joyni va ayblanuvchilar boshqaruvida bo‘lgan avtomashinalarni ko‘zdan kechirish hamda ular istiqomat qilgan xonadonlarda o‘tkazilgan tintuvlarda ishga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar aniqlanib olingan.
O‘tkazilgan tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, shuningdek, 2 nafariga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi. Ulardan biri Yunusov Koreyada ushlanib, O‘zbekistonga olib kelingan bo‘lsa, ikkinchisining Qozog‘iston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borilgan. Bosh prokuratura xorijdagi ikkinchi gumondorning O‘zbekistonga olib kelinishi haqida miq etmagan.
Bu orada esa O‘zbekiston siyosatida tub burilishlar yuz berdi. Davlat xavfsizlik xizmatini 2019 yildan buyon boshqarib kelayotgan general-leytenant Abdusalom Azizov lavozimidan ozod etilib, Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashi zaxirasiga olindi. Uning o‘rnini esa Mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanganiga bor-yo‘g‘i ikki kun bo‘lgan Bahodir Qurbonov egalladi. Mudofaa vaziri lavozimiga esa shu kungacha vazirning birinchi o‘rinbosari – Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Shuhrat Xolmuhammedov tayinlandi.
Shuningdek, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Temur Sobirov, Davlat xavfsizlik xizmatining Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Alijon Ashurov, uning ukasi, Bosh vazir yordamchisi – Bosh vazir qabulxonasining mudiri Sarvar Ashurov ham lavozimidan ozod etildi.
Hozirgacha Prezidentga yaqin amaldorlardan biri sifatida ko‘rilgan Allamjonovga suiqasd borasida na Komil Allamjonovning o‘zi va na Prezident Administratsiyasi so‘z ochmay kelmoqda. Bosh prokuratura esa voqeaga Qibraydagi holat deya shartli nom berib kelayotgan edi. Faqat joriy haftada berilgan axborotda ilk bor Allamjonov nomi tilga olindi.
Yahudiy ravvin o‘limida uch nafar o‘zbekistonlik ayblanyapti
Joriy yilning 24 noyabr kuni Chabad-Lubavich harakati a’zosi, butun dunyo bo‘ylab yahudiylarning targ‘ibotini olib boruvchi ravvin Svi Kogan Birlashgan Arab Amirliklarida o‘lik holda qotillik alomatlari bilan topilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay uning o‘limida uch nafar o‘zbekistonlik ayblanayotgani o‘rtaga chiqdi.
Gap shundaki, Svi Kogan 21 noyabrda BAA hududida yo‘qolgan. Oradan 3 kun o‘tib, 24 noyabrda uning jasadi topildi.
25 noyabrga kelib, ravvinning sirli o‘limi atrofidagi qator jumboqlar ochila boshladi. O‘lim haqida chiqqan xabarlar esa ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek segmenti uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Negaki, dastlab “The Times of Israel” nashri Svi Koganning o‘limida O‘zbekiston fuqarolari gumon qilinayotgani haqida xabar berdi. BAA politsiyasi ravvinni o‘ldirishda gumonlangan uch o‘zbekistonlik – 28 yoshli Olim Tohirovich va Mahmud Abdulrahim hamda 33 yoshli Azizbek Komilovichni hibsga oldi.
Isroil hukumati bu voqeani “terror hodisasi” deb ta’riflamoqda. Kogan mansub bo‘lgan Chabad-Lubavich harakati ham o‘zining X’dagi xabarida ravvinni o‘ldirib ketgan o‘zbekistonliklarni “terrorchilar” deb atagan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “rasmiy Tel-Aviv uning o‘limida aybdor bo‘lgan jinoyatchilarni javobgarlikka tortish uchun barcha yo‘llar bilan harakat qiladi”, deya bayonot berdi. Chabad-Lubavich harakati Kogan oxirgi marta Dubayda, oziq-ovqat do‘konida tasvirga olingan videoda ko‘rinish berganini ma’lum qildi. Ular, shuningdek, Koganni harakatning Bruklinda joylashgan anonim filialining elchisi deb atadi.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, Koganni o‘ldirish uchun bir guruh o‘zbekistonliklar unga hujum qilgan. Ularning versiyasiga ko‘ra, o‘sha bir guruh o‘zbekistonliklar Eron tomonidan yollangan va qotillikdan so‘ng Turkiyaga qochishga uringan.
O‘zbekistonning Dubaydagi bosh konsulxonasi esa Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib turgani, mazkur masala yuzasidan oydinlik kiritish maqsadida tegishli ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.
Ikki mudhish qotillik aybdorlariga nisbatan sud hukmi o‘qildi
Tugayotgan haftada shu yilning iyul oyida Toshkent viloyati va poytaxt Toshkentda sodir bo‘lgan ikki mudhish qotillik aybdorlariga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ulardan biri 3 yashar bolaning ko‘ziga pichoq sanchib o‘ldirgan bo‘lsa, ikkinchisi bir oilaning besh a’zosini vahshiylarcha o‘ldirgan qotil. Tugayotgan haftada sud ikkisiga ham hukm chiqardi.
29 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida 3 yashar bolaning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sudda prokuror sudlanuvchi Sohibjon Muqimovga nisbatan bir umrlik qamoq jazosi so‘raganiga qaramay, e’lon qilingan sud hukmiga muvofiq u Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j” bandlari, 25,97-moddasi 2-qismi “b”, “g”, “j”, “r” bandlari, 219-moddasi 2-qismi va 251-1-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, aybdorga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shu bilan birga Jinoyat kodeksining 50-moddasi 9-qismiga asosan sudlanuvchiga tayinlangan jazoning dastlabki 4 yilini turmaga qamash tariqasida va qolgan qismini qattiq tartibli koloniyalarda o‘tattirilish belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilindi. Aybdorning otasi esa sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati kiritmoqchi.
Yangiyo‘lda bir oilaning 5 a’zosini o‘ldirgan qotil esa umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Shu hafta Toshkent viloyat sudida 1995 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan erkakka oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni yakunlandi.
Sud hukmiga muvofiq erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi "a", "v", "j", "z", "i" bandlari, 118-moddasi 1-qismi, 134-moddasi, 164-moddasi 3-qismi "v", "g" bandlari va 173-moddasi 2-qismi "b" bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Ushbu holatda Yangiyo‘lda bir oilaning besh a’zosi o‘ldirilib, uyi yoqib yuborilgandi. O‘shanda uydan 1991 yilda tug‘ilgan erkak, 1999 yilda tug‘ilgan ayol, 2021 va 2022 yilda tug‘ilgan bolalar, 2018 yilda tug‘ilgan qizning murdalari turli tan jarohatlari bilan topilgan. Ma’lum qilinishicha, vafot etganlar er-xotin va ularning 2 nafar farzandi, 1 nafar qiz jiyani bo‘lgan.
29 yoshdagi qotil marhumning qarindoshi hisoblanib, u ushbu jinoyatni avvaldan mavjud bo‘lgan qarz sabab sodir etgan.
Mannopovning vafoti bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi
Esingizda bo‘lsa kerak, o‘tgan yilning mart oyida burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentdagi “Star Med Center” klinikasiga murojaat qilgan “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopovning ushbu klinikadan o‘ligi chiqqan edi. Oradan bir yarim yildan ortiq vaqt o‘tib Mannopovning vafoti bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi.
29 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida erkak, 1981 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, “Omad Plus” MCHJga qarashli “Star Med Center” xususiy klinikasi otolaringologi va 1979 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, xuddi shu klinikaning anesteziolog-reanimatologiga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Sud hukmiga muvofiq ayblanuvchilar Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, oqlandi.
Biroq Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga Jinoyat kodeksining 45-moddasini (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llagan holda 2 yil tibbiyot sohasida tegishliligi bo‘yicha otolaringolog va anesteziolog-reanimatolog vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Shuningdek, anesteziolog-reanimatologga Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida o‘tash uchun 2 yil tibbiyot sohasida anesteziolog-reanimatolog shifokor vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 6 oy 27 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.
Ammo ayblanuvchilar, xususan, otolaringolog shifokor Alijon Hisonov sudning qaroridan norozi. Uning qayd etishicha, Farhod Mannopovning o‘limi har 60 ming bemordan bittasi bilan uchraydigan holat va u bugungacha 7 mingdan ortiq operatsiyani amalga oshirgan bo‘lsa, bugungacha o‘lim holati aniqlanmagan.
Turkiyaga yashiringan shaxslarni qo‘lga olish tadbirlari yanada kuchaytiriladi
O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lib, Turkiyaga yashiringan shaxslarni qo‘lga olish tadbirlari yanada kuchaytiriladi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda tergov va suddan yashiringan ayrim shaxslarning Turkiya hududida yashirinishga urinish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy yordam tadbirlari doirasida bu kabi shaxslarga nisbatan jinoiy ta’qibni amalga oshirish yanada samarali ko‘rinishga ega bo‘lmoqda.
Birgina 2024 yilning 10 oyida javobgarlikdan qutulish maqsadida yillar davomida Turkiya hududida yashirinib yurgan 37 nafar ayblanuvchi qo‘lga olinib, sudlov hukmiga havola etilgan.
“Bundan buyon qidiruvdagi shaxslarni qo‘lga olish tadbirlari yanada kuchaytiriladi, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurash jadal davom ettiriladi, jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanadi. Qidiruvdagi shaxslar uchun yagona va eng to‘g‘ri yo‘l – O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga yoki respublika huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga murojaat qilish, tergov va sud protsessida qonuniy himoya huquqidan foydalanish”, deyiladi xabarda.
Gap isboti bilan deganlaridek, 2021 yildan buyon O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan shaxs – bir qancha firibgarlik jinoyatlarini sodir etish va fuqarolarga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganlikda ayblanib, 2021 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan, 38 yoshli Robert Vladimirovich Babayans Turkiyada qo‘lga olinib, Toshkentga deportatsiya qilingan.
Shuningdek, tugayotgan haftada Odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, 8 yildan buyon O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan 44 yoshli ayol ham Tursuntosh Qodirova Turkiyada ushlanib, Toshkentga yuborildi.
Erkinjon Turdimov hokimlikdan ketdi
Tugayotgan haftada yana bir iste’fo o‘zbekistonliklar uchun kutilmagan bo‘ldi. Faqat bu gal lavozimidan ketayotgan amaldor zar to‘n, iliq gaplar va ehtirom bilan kuzatib qo‘yildi. Gap 2018 yildan Samarqand viloyatini boshqarib kelayotgan Erkinjon Turdimov haqida bormoqda.
Turdimovning hokim lavozimidan ozod qilinishi uning boshqa ishga o‘tishi bilan izohlangan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda u sog‘lig‘idagi muammolar sabab ishdan ketayotgani haqida xabarlar bolaladi.
Hokimning matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev esa QALAMPIR.UZ bilan suhbatda Turdimovning sog‘lig‘i bilan muammolar hokimlik vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligini aytdi.
“Ha, uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar borligini hamma biladi. U 1-1,5 oy davomida har yili davolanadi ham. Lekin bu shu paytgacha uning o‘z vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilmagan”, deya ma’lumot berdi Mirzayev.
Benzin va dizel yoqilg‘isini tashqariga olib chiqish uchun taqiq joriy etilishi mumkin
Har qishda shu bo‘lar takror. Sovuq kunlar boshlanishi bilan yana O‘zbekistondagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida turnaqator navbatlar kuzatilmoqda. Gap qishin-yozin tanqis bo‘lib qoladigan metan gaz haqida emas, aynan benzin haqida bormoqda. Ayni shu tobda esa Qozog‘istonda 2025 yilning 1 yanvaridan benzin va dizel yoqilg‘isini Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga (YeOII) a’zo davlatlardan tashqariga olib chiqishga taqiq joriy etmoqchi.
Energetika vazirligi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, Ichki ishlar va Moliya vazirliklarining 2024 yil 8 oktyabrdagi “Qozog‘iston Respublikasi hududidan neft mahsulotlari eksportining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma buyrug‘iga tegishli qo‘shimchalar loyihasi tayyorlangan.
“2025 yil 1 yanvardan olti oy muddatga Qozog‘iston Respublikasi hududidan YeOII bojxona hududidan tashqariga yengil distillatlar, reaktiv yoqilg‘isi va dizel yoqilg‘isi, gazoyl, toluol, ksilen, neftni olib chiqishni taqiqlash joriy etilsin”, deyiladi hujjatda.
Energetika vazirligining tushuntirishicha, ayni paytda mamlakatda AI-92 benzini va dizel yoqilg‘isi iste’molida o‘ziga xos bo‘lmagan o‘sish kuzatilmoqda va shunga mos ravishda zaxira pasaymoqda.
Neft mahsulotlarini YeOII tashqarisiga olib chiqishni taqiqlash Qozog‘iston neftni qayta ishlash zavodlarining nofaol quvvatlarini yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlash orqali yuklash va shunga mos ravishda mamlakatda yoqilg‘i-moylash materiallari taqchilligini kamaytirish, shuningdek, bojsiz yetkazib berish va import qilinadigan neft mahsulotlarining reeksportiga barham berish shartlarini bajarish imkonini beradi.
Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi
Oldingi dasturlarimizda G‘azoda boshlangan qirg‘in Livan tomon kengaygani va Isroil Livanga qo‘shin kiritgani haqida gapirgandik. Isroilning Livanga hujumlari oqibatida kamida 3,823 kishi halok bo‘ldi va 15,859 kishi yaralandi. 900 mingdan 1 milliongacha aholi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.
G‘azodagi genotsid yetmagandek, Isroilning Livandagi bu qilmishlari nafaqat yahudiy davlati, balki uning asosiy homiysi bo‘lgan AQSH tarixida ham qora dog‘ bo‘lib qoldi. Yangi yildan prezidentlik postini topshirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan AQSH Prezidenti Jo Bayden esa hukmronligining so‘nggi kunlarida Yaqin Sharqdagi keskin alanga olgan vaziyatni biroz bo‘lsa-da yumshatishga urindi. U va uning fransiyalik mavqedoshi Emmanuel Makron Isroil va Livan orasiga tushib, ular orasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishga muvaffaq bo‘ldi.
27 noyabr kuni soat 04:00 dan kuchga kirgan 13 banddan iborat o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga ko‘ra, Livan hukumati “Hizbulloh” yoki Livan hududidagi boshqa qurolli guruhning Isroilga qarshi hech qanday operatsiya o‘tkazishiga ruxsat bermaydi, Isroil esa Livandagi fuqarolik, harbiy yoki hukumat inshootlariga quruqlik, dengiz yoki havo orqali hech qanday harbiy hujum uyushtirmaydi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, Isroil kuchlarining bo‘linmalari kelasi 60 kun ichida Livan hududini tark etadi. “Hizbulloh” esa o‘z qo‘shinlarini Isroil chegarasidan 30 kilometr uzoqlikdagi Litani daryosigacha olib chiqishi lozim.
Biroq bu majburiyatlar Isroil va Livan xalqaro huquq doirasida o‘zini himoya qilish uchun tabiiy huquqidan voz kechishini anglatmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, sulh bitimi e’lon qilingach, Netanyaxu Isroil o‘z xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday xavfga qarshi harakat qilish huquqini va “Hizbulloh” bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga amal qilish erkinligini saqlab qolishini aytdi. U fuqarolariga, agar “Hizbulloh” o‘zini qurollantirsa yoki chegara yaqinidagi infratuzilmasini tiklasa, Isroil Livanda jangovar harakatlarni davom ettirishiga va’da berdi.
Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, Netanyaxu bu kelishuvga ham osonlikcha ko‘nmagan. Ma’lumki, 21 noyabr kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Netanyaxu va Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni kamida 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 maygacha Falastin hududida sodir etgan harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun hibsga olishga order bergan. Fransiya Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlat sifatida XJSning qarorini bajarishi, ya’ni Netanyaxu va Galant uning hududiga kiradigan bo‘lsa, ularni hibsga olib, XJSga topshirishi kerak. Biroq Parij Netanyaxu va boshqa vazirlar daxlsizlikka ega ekanini vaj qilib, ularni hibsga olmasligini e’lon qildi. Fransiyaning “Le Point” jurnalining yozishicha, Makron Netanyaxu bilan qo‘ng‘iroqlashib, daxlsizlik evaziga sulhga erishgan.
Xullas, Isroil-Livan bitimi 14 oy davom etgan bosqinning yakunlanganini bildiradi. Agar sulh shartlari hech qanday muammolarsiz, kelishganidek ado etilsa.
Biroq sulh kuchga kirganining ertasi kuniyoq Livan armiyasi Isroil qurolli kuchlari bitimni bir necha bor buzganini bildirdi. Ularning aytishicha, 27 va 28 noyabr kunlari Isroil Livan havo hududini buzgan va turli qurollar bilan hujum qilgan.
SAXAL esa Isroil harbiylari “Hizbulloh”ning Livan janubidagi raketa omborida “terrorchilik harakati”ni aniqlagani, shundan so‘ng ushbu ob’ektga havo hujumi uyushtirilgani haqida xabar bergan. Bu tomonlar o‘rtasida sulh boshlanganidan keyin Livan hududidagi “Hizbulloh” nishoniga birinchi zarba bo‘ldi.
Putin davlat tashrifi bilan Ostonaga keldi
27 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Ostonaga keldi. Aeroportda uni tantana bilan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kutib oldi. Xuddi Netanyaxu kabi Xalqaro jinoiy sudning hibsga olish orderiga duchor bo‘lgan va dunyoning 100 dan ortiq mamlakatiga borishi xavf ostida bo‘lgan Putin Qozog‘istonda juda obro‘li tarzda qarshi olindi. Qozog‘iston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi samimiy do‘stlik belgisi sifatida ikki davlat bayroqlarini ko‘targan bolalar Prezident Vladimir Putin va rasmiy delegatsiya a’zolarini qutladi. Keyin esa professional rassom Asel Sabirjanqizi Vladimir Putin Ostonaga uchib kelgan paytdan boshlab chiza boshlagan rasmini davlat rahbarlariga taqdim etdi. Ammo Ukrainaga bosqin va 3 yillik keng miqyosdagi vayronkorlik shu kuni Qozog‘istonda baribir noroziliksiz qoldirilmadi. 27 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tashrifi davomida Ostona ko‘chalaridan birida qiziq holat yuz berdi. Shu kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi LED-ekranlardan birida Ukraina bayrog‘i tasviri paydo bo‘ldi. Holat yuzasidan Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ukraina bayrog‘i tasviri “Astana Opera” teatri yoniga o‘rnatilgan LED-ekranda paydo bo‘lgan. Bu tasvir Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan mamlakatga kelgani munosabati bilan shaharning boshqa LED-ekranlarida aks ettirilgan Rossiya davlat bayrog‘i tasviri o‘rniga almashtirilgan. Shu kuni Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan muzokaralar o‘tkazayotgandi. Ma’lum qilinishicha, “Keruen Media” MCHJ (Ostonadagi LED-ekranlarga egalik qiluvchi kompaniya) bilan bog‘liq voqea bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangan. Ichki ishlar vazirligi barcha ehtimoliy versiyalar, jumladan texnik nosozliklar va tashqi noqonuniy aralashuv ehtimolini ko‘rib chiqayotganini bildirgan.
Shu o‘rinda KXSHT sammiti oldidan To‘qayev va Putinning o‘zaro muzokaralariga to‘xtalsak. Rossiya Prezidenti so‘nggi paytda juda ko‘p to‘xtalayotgan mavzular – rus tili masalasi va Rossiya gazini sotishga Ostonada yana alohida e’tibor qaratdi. Rossiya Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 27 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan Ostonada o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Energetika sohasidagi hamkorlik tizimli ravishda rivojlanib bormoqda. Rossiya nefti Qozog‘iston hududi orqali Xitoyga yo‘naltirilmoqda. “Gazprom” haqiqatan ham Qozog‘iston iste’molchilarini gaz bilan uzluksiz ta’minlamoqda. O‘tgan yildan boshlab Rossiya gazi Qozog‘iston hududi orqali qo‘shni O‘zbekistonga o‘tkazilmoqda va biz bunday ta’minotni oshirishni davom ettiramiz”, deydi Rossiya Prezidenti.
LiveBarchasi