Farhod Mannopovni operatsiya qilgan shifokor oqlandi

3-sahifa

image

Joriy yil 22 iyul kuni marhum bloger Farhod Mannopovning o‘limi bilan bog‘liq ish Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hukmi bilan Mannopovni o‘limi oldidan operatsiya qilgan LOR shifokori oqlandi. Birinchi instansiya sudi unga 2 yil tibbiyot sohasida LOR shifokori vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagandi. Endi esa dastlabki sud hukmining LOR shifokorga oid qismi bekor qilingan. U qilmishida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sabab aybsiz deb topilib, oqlangan hamda jinoyat ishining unga oid qismi tugatilgan.

Unga mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyonni qoplash masalasida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 304-312-moddalariga asosan, da’vo ishini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilishi, qo‘llanilgan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinishi belgilangan. 

Mannopov ishi

2023 yilning 5 mart kuni “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etgan edi. U bir necha kun avval do‘stlari bilan basseynda suzayotgan vaqtida boshi va burnidan jarohat olgan. Shu sabab u burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan "Star Med Center" xususiy klinikasiga murojaat qilgan. O‘shanda Bosh prokuratura holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, qo‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Mannopovning operatsiyasida  ishtirok etgan anestiziolog va reanimatolog, plastik jarroh shifokori, laborant shifokorining malakaviy toifalari va sertifikatlari bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan edi.

Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida Farhod Mannopovning vafoti ortidan Sog‘liqni saqlash vazirligining litsenziyani bekor qilishni so‘ragani yuzasidan iqtisodiy sud 15 may kuni boshlangan edi.

Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda klinikaning bir nechta san’atkorlar tomonidan reklama qilinish holatlari kuzatildi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holatga munosabat bildirib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Omad Plus” MCHJga qarashli “Star Med Center” klinikasiga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida sudga ariza kiritilganini ma’lum qilgandi.

2023 yilning 2 iyunida Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan ariza talabi qanoatlantirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligining “Omad Plus” MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan 27390032-sonli litsenziyasi bekor qilinishi belgilandi.

Shundan so‘ng “Star Med” klinikasi sud qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qildi. 2023 yil 13 iyul kuni Toshkent viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining ochiq sud majlisida mazkur masala ko‘rib chiqildi va sudlov hay’ati tomonidan javobgarning iltimosnomasi qanoatlantirildi.

2024 yil 29 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida A.X. (“Star Med Center” xususiy klinikasi otolaringologi) va J.Q. (“Star Med Center” xususiy klinikasida anesteziolog-reanimatolog vazifasida ishlagan)ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmiga ko‘ra, A.X. va J.Q. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga Jinoyat kodeksining 45-moddasini (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llagan holda 2 yil tibbiyot sohasida tegishliligi bo‘yicha otolaringolog va anesteziolog-reanimatolog vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shuningdek, J.Q.ga Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida o‘tash uchun 2 yil tibbiyot sohasida anesteziolog-reanimatolog shifokor vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 6 oy 27 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Farhod Mannopov Star Med Center

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing