Oliy sud Farhod Mannopovni operatsiya qilgan shifokor nega oqlanganini izohladi (video)

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining qarori bilan marhum bloger Farhod Mannopovni operatsiya qilgan LOR shifokor (“Star Med Centr” xususiy klinikasi otorinolaringologi A.X.) oqlangandi. Mazkur holat yuzasidan Oliy sud rasmiy bayonot berdi. 

Ma’lumki, jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining 2024 yil 29 noyabr kunidagi hukmiga ko‘ra, A.X. Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 2 yil davomida tibbiyot sohasida otorinolaringolog vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.

Bildirilishicha, A.X. va uning himoyachilari tomonidan berilgan shikoyatga asosan mazkur jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish jarayonida ishda to‘plangan dalillar tahlil qilinganda hukmda bayon qilingan haqiqiy holatlariga to‘g‘ri kelmasligi, A.X.ni ayblash uchun ishonchli ob’ektiv dalillar mavjud emasligi aniqlangan.

“Xususan, Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida, shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lishi uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsada, A.X.ning nafaqat kasbi yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, balki aynan uning harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida bloger Farhod Mannopov o‘lishiga sabab bo‘lganligi holati ham aniqlanmagan.

Jumladan, ish bo‘yicha aniqlangan holatga ko‘ra marhum Farhod Mannopovga nisbatan xususiy klinikada standartlarga mos ravishda shifokorlar ko‘rigi, instrumental tekshiruvlar o‘tkazilganligi aniqlangan”, deyiladi Oliy sud bayonotida. 

Qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza xulosalari, otolaringologiya ixtisosligi bo‘yicha yozma ravishda taqdim qilingan va so‘roq qilingan ko‘plab mutaxassislar, shu jumladan oliy toifali shifokorlarning fikriga ko‘ra bemor Farhod Mannopovda “bosh miya jarohati, bosh miya chayqalishi, bosh miya lat yeyishi, kalla ichi gematomalari” aniqlanmagan, ya’ni bemor Farhod Mannopovda kuzatilgan o‘lim holati o‘tkazilgan rinoseptoplastika jarrohlik amaliyoti sabab bo‘la olmasligi va unga o‘tkazilgan diagnostika va davolash muolajalari to‘g‘ri o‘tkazilgani ko‘rsatilgan.

“Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan ikkita xizmat tekshiruvi dalolatnomalariga ko‘ra A.X.ning bemor Farhod Mannopovga nisbatan burun sohasini davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish jarayonida o‘limiga olib kelishiga sabab bo‘ladigan xatoliklarga yo‘l qo‘ygan holatlari aniqlanmagan.

Yuqoridagi xizmat tekshiruvlariga jalb qilingan ekspert-mutaxassislar tergov jarayonida so‘roq qilinganda ham o‘z xulosalarini tasdiqlab, asoslantirib bergan bo‘lishiga qaramasdan, tergov organi va birinchi instansiya sudi tomonidan asossiz ravishda inobatga olinmagan”, deyiladi bayonotda. 

Shu tariqa Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 22 iyuldagi oqlov hukmiga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmning A.X.ga oid qismi bekor qilinib, A.X. e’lon qilingan ayblov bo‘yicha Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat yuzasidan qilmishida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi hamda Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatga daxli bo‘lmaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga (reabilitatsiya uchun asoslar) asosan aybsiz deb topilib, oqlangan.

“Endilikda mazkur hukmdan norozi taraflar Jinoyat-protsessual kodeksining 510-moddasi (taftish tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari) talablariga muvofiq Toshkent shahar sudiga taftish tartibida shikoyat berishga yoki protest bildirishga haqliligi ma’lum qilinadi”, deyiladi bayonotda.

Mannopov ishi

2023 yilning 5 mart kuni “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etgan edi. U bir necha kun avval do‘stlari bilan basseynda suzayotgan vaqtida boshi va burnidan jarohat olgan. Shu sabab u burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan "Star Med Center" xususiy klinikasiga murojaat qilgan. O‘shanda Bosh prokuratura holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, qo‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Mannopovning operatsiyasida  ishtirok etgan anestiziolog va reanimatolog, plastik jarroh shifokori, laborant shifokorining malakaviy toifalari va sertifikatlari bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan edi.

Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida Farhod Mannopovning vafoti ortidan Sog‘liqni saqlash vazirligining litsenziyani bekor qilishni so‘ragani yuzasidan iqtisodiy sud 15 may kuni boshlangan edi.

Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda klinikaning bir nechta san’atkorlar tomonidan reklama qilinish holatlari kuzatildi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holatga munosabat bildirib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Omad Plus” MCHJga qarashli “Star Med Center” klinikasiga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida sudga ariza kiritilganini ma’lum qilgandi.

2023 yilning 2 iyunida Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan ariza talabi qanoatlantirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligining “Omad Plus” MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan 27390032-sonli litsenziyasi bekor qilinishi belgilandi.

Shundan so‘ng “Star Med” klinikasi sud qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qildi. 2023 yil 13 iyul kuni Toshkent viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining ochiq sud majlisida mazkur masala ko‘rib chiqildi va sudlov hay’ati tomonidan javobgarning iltimosnomasi qanoatlantirildi.

2024 yil 29 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida A.X. (“Star Med Center” xususiy klinikasi otolaringologi) va J.Q. (“Star Med Center” xususiy klinikasida anesteziolog-reanimatolog vazifasida ishlagan)ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmiga ko‘ra, A.X. va J.Q. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga Jinoyat kodeksining 45-moddasini (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llagan holda 2 yil tibbiyot sohasida tegishliligi bo‘yicha otolaringolog va anesteziolog-reanimatolog vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shuningdek, J.Q.ga Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida o‘tash uchun 2 yil tibbiyot sohasida anesteziolog-reanimatolog shifokor vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 6 oy 27 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Farhod Mannopov Star Med Centr

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing