Usmonovga nisbatan ayblov Toshkent va Berlin munosabatlarini keskinlashtirdi – OAV

Olam

image

Germaniya hukumati o‘zbek millatiga mansub rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan pul yuvish va soliqdan qochish ayblovlari bo‘yicha tergov harakatlarini boshlagani O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlarni keskinlashtirgan. Bu haqda “Reuters” agentligi Germaniyaning “Spiegel” nashriga tayanib, xabar berdi.

Nashrning yozishicha, ikki davlat diplomatlari o‘rtasida bir qator inqirozli muzokaralar bo‘lib o‘tgan, jumladan, sentyabr oyi oxirida Germaniyaning Toshkentdagi elchisi chaqirilgan.

Bu 21 sentyabr kuni Germaniya janubidagi Tegernzeye ko‘li bo‘yida Usmonov nomidagi mulkda o‘tkazilgan tintuvlardan keyin sodir bo‘lgan. Keyingi hafta Germaniya politsiyasi tergov doirasida mamlakat shimolidagi motorli yaxtani ham tintuv qildi.

O‘zbekistonning Berlindagi elchisi Germaniya Tashqi ishlar vazirligidan Federal jinoiy politsiya boshqarmasi vakillari bilan uchrashishni ham so‘ragan, ammo natija bo‘lmagan, deyiladi maqolada.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin munosabatda bo‘lgan Usmonov Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

“Spiegel” nashriga ko‘ra, tergovchilar Usmonovni 2014-2022 yillar davomida Germaniya g‘aznasiga 555 mln yevro soliq to‘lamaganlikda ayblamoqda.

Nashr rasmiy Toshkent Yevropa sanksiyalari, jumladan aktivlarni muzlatish milliarderning O‘zbekistonga sarmoya kiritish imkoniyatini cheklab qo‘yganini ta’kidlagan.

Avvalroq “Financial Times” nashri O‘zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqidan tadbirkor Alisher Usmonov va uning singlisi Gulbahor Ismoilovaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragani haqida xabar tarqatgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov

Baholaganlar

916

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing