Urushning uchinchi kuni: Ukrainaning qaysi hududlari ishg‘ol qilindi?

Olam

Rossiya Ukrainaga bostirib kirib, Yevropada urush olovini yoqqaniga uch kun bo‘ldi. Ikki kunlik hisoblarga ko‘ra, janglarda har ikki tomondan ko‘plab qurbonlar berildi. Ukraina Prezidenti devoni maslahatchisi Mixail Podolyakga ko‘ra, Rossiyaning bostirib kirishi oqibatida hozirgacha 3500 ga yaqin rus askari halok bo‘ldi, 200 nafari asirga olindi.
 
Qayd etilishicha, Rossiya harbiylari Kiyev chekkasidagi aerodromni egallab olgan va bu operatsiya davomida Ukraina tomoni 200 dan ortiq odamni yo‘qotgan.
 
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda Rossiyaning hujumi oqibatida Ukrainada 198 nafar fuqaro, shu jumladan, 3 nafar bola halok bo‘lgan, 1115 kishi, jumladan, 33 nafar bola tan jarohati olgan.
 
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni bortida 126 nafar desantchi bo‘lgan IL-76 samolyoti Kiyev viloyatidagi Vasilkov shahri yaqinida urib tushirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, bugun, 26 fevral kuni yarim tunda Rossiyaning bir vertolyoti va Su-25 hujumchi samolyoti Ukrainaning s-300 zenit-raketa majmuasi tomonidan urib tushirildi.
 
Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi esa, operatsiya boshlangandan beri rus harbiylari Ukrainaning 821 ta harbiy infratuzilma ob’ektlariga zarba berib, 7 ta samolyot, 7 vertolyot, 9 ta samolyotni urib tushirganini bildirdi. Shuningdek, 87 ta tank va boshqa zirhli transport vositalari, 28 ta raketa tizimi, 118 ta maxsus harbiy texnika yo‘q qilingan.
 
Bundan tashqari, rus harbiylari kechasi qanotli raketalar yordamida Ukrainaning harbiy infratuzilmasiga hujum uyushtirgan hamda Melitopol shahrini egallagan.
 
Bu orada, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya harbiy bosqinining taxminiy xaritasi ham e’lon qilindi. Ahamiyatlisi, Rossiya harbiylarining Ukraina hududi orqali o‘tish yo‘llari haqidagi xabarlar bir-biriga zid.
 
Tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, Ukraina hozirgacha Xerson viloyatidagi: Genichesk shahri va butun Genichesk tumani; Alyoshki va Yangi Kaxovka shaharlari, Kaxovka gesi va Shimoliy Qrim kanali hamda Dnepr daryosini kechib o‘tish joylari; Cherkassi viloyatidagi Gorodishe shaharchasi hamda Lugansk viloyatidagi Melovoye qishlog‘i ustidan nazorat qo‘ldan chiqqanini tan olgan.

Eng bahsli xabar Chernobil AES hududidan keldi. Stansiyani o‘z nazoratiga olgani haqida goh Rossiya, goh Ukraina tomoni bong urib chiqdi. Ukraina mustaqil axborot agentligi e’lon qilgan so‘nggi videoga ko‘ra, ob’ekt rossiyalik harbiylar tomonidan qo‘lga olingan.

Bugun, 26 fevral kuni tongdan Ukrainaning kamida oltita shahrida havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi va bu ovozlar hozirgacha yangramoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

99

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing