Polshada qolayotgan o‘zbekistonliklarni olib keladigan birinchi samolyot jo‘nab ketdi

Jamiyat

image

Ukrainadan evakuatsiya qilinadigan o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun Toshkentdan Polshaning Katovitse shahriga maxsus samolyot jo‘nab ketdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 28 fevral kuni Toshkentdan parvoz qilgan “Uzbekistan Airways” AJ maxsus samolyoti Toshkent vaqti bilan soat 12:45 da Katovitse aeroportiga qo‘nadi.

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Ukrainaning “Krakovets” nazorat o‘tkazish punkti orqali fuqarolar o‘tkazilishini tezlashtirish maqsadida 7 ta avtobus ijaraga olingan. Ular ko‘magida shu paytgacha Ukraina-Polsha chegarasiga 11 marta qatnov amalga oshirilgan.

Hozirgi paytda Katovitse aeroportiga 262 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelingan. Ayni paytga qadar 560 nafardan ko‘proq o‘zbekistonliklar Polsha davlat chegarasini kesib o‘tgan.

“Polshaning chegara hududida O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi xodimlari tomonidan tashkiliy masalalar hal qilinmoqda. Chegarada yurtdoshlarimiz oziq-ovqat bilan ta’minlanmoqda, keksalar va yosh bolali ayollarning dam olishi uchun sharoit yaratilgan. Bu boradagi ishlar davom ettirilayapti”, deyiladi xabarda.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

18

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing