Ukrainadagi urush 1,7 milliard odamni qashshoq qilishi mumkin – Guterrish
Olam
−
17 aprel 2022
6434Ukrainadagi mojaro rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan “sekin hujum” bo‘lib, u 1,7 milliard odamni qashshoqlikka solib qo‘yishi mumkin. Bu fikrni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Chexiyaning “Seznam Zpravy” internet nashriga ma’lum qildi.
“Ukrainadagi harbiy mojaro dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlariga nisbatan sekin hujumning boshlanishiga aylandi. Inqiroz 1,7 milliard odamni, ya’ni insoniyatning beshdan biridan ko‘prog‘ini qashshoqlik va ocharchilikka duchor qilishi mumkin”, degan Guterrish.
Rossiya Federatsiyasi va Ukrainada butun dunyo bo‘yicha bug‘doy va arpaning 30 foizi, makkajo‘xorining 20 foizi va kungaboqar yog‘ining yarmidan ko‘pi ishlab chiqariladi. Bu davlatlar tomonidan jahon bozoriga yetkazib berilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Yer sayyorasining eng kambag‘al aholisi uchun asosiy oziq-ovqat manbai hisoblanadi. Afrikaning iqtisodiy jihatdan kam rivojlangan 45 mamlakati tomonidan import qilinadigan bug‘doyning uchdan biridan ko‘prog‘i Rossiya va Ukraina dalalarida o‘sadi.
“Rossiya dunyodagi eng yirik gaz eksportchisi va ikkinchi yirik neft yetkazib beruvchisi”, degan Guterrish.
Ta’kidlanishicha, Ukrainadagi harbiy mojaro qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va energiya resurslarining global eksportiga to‘sqinlik qiladi, yashash narxining keskin oshishiga olib keladi, bu oddiy fuqarolar uchun eng salbiy oqibatlarga olib keladi. Shu bilan birga, Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, eng avvalo kam ta’minlanganlar va eng kam ijtimoiy himoyalanganlar jabr ko‘radi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi