Ukrainadagi “maxsus operatsiya” tez orada yakunlanadi – Klimov

Olam

image

Rossiyaning Ukrainadagi maxsus operatsiyasi tez orada yakunlanadi. Moskva maxsus operatsiyani cho‘zmoqchi emas. Bu haqda bugun, 15 aprel kuni Federatsiya Kengashining Xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Andrey Klimov Afrika va Osiyo ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida ma’lum qildi.

“Rossiya Federatsiyasining maxsus harbiy operatsiyasi yaqinda tugaydi, biz uni ataylab cho‘zmoqchi emasmiz”, deydi Klimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy bosqich Ukraina Rossiya va butun dunyo uchun xavfsiz bo‘lganidan keyin to‘xtatiladi.

“Biolaboratoriyalar – u yerda nima bo‘layotganini ko‘ramiz, yadroviy ob’ektlar xavfsizligini ta’minlaymiz. Shundan so‘ng harbiy bosqich to‘xtaydi”, deydi Klimov bu yaqin kelajakda sodir bo‘lishini qo‘shimcha qilib.

Senatorning ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari yonayotgan olovga benzin quyib, Ukrainaga qurol yetkazib berishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan bo‘lgan telefon orqali suhbatida Kiyev urushni to‘xtatsa va Rossiyaning talablarini bajarsagina Moskva Donbassni himoya qilish bo‘yicha maxsus operatsiyani to‘xtatishi mumkinligini aytgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

49

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing